Buyuk Britaniya raqamli eVisa tizimiga o‘tdi

Iyul 22, 2026. 16:00 • 3 daq

5
Buyuk Britaniya raqamli eVisa tizimiga o‘tdi

LONDON, 22-iyul /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniya hukumati immigratsiya xizmatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish doirasida anʼanaviy qog‘oz va plastik hujjatlar o‘rniga eVisa – elektron viza tizimini joriy etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Britaniya hukumatining maʼlum qilishicha, mazkur tizim orqali shaxsning mamlakatga kirish va Buyuk Britaniyada yashash huquqini tasdiqlovchi barcha maʼlumotlar raqamli shaklda saqlanadi. 2018-yildan buyon millionlab foydalanuvchilar ushbu tizimdan samarali foydalanib kelmoqda. Mavjud jismoniy immigratsiya hujjatini eVisaga o‘tkazish esa shaxsning amaldagi immigratsiya maqomi yoki mamlakatda yashash huquqiga hech qanday taʼsir ko‘rsatmaydi.

eVisa tizimi foydalanuvchilar uchun bir qator muhim qulayliklarni yaratadi. Raqamli format tufayli hujjatning yo‘qolishi, o‘g‘irlanishi yoki soxtalashtirilishi xavfi deyarli bartaraf etiladi. Viza tasdiqlanganidan so‘ng aksariyat hollarda jismoniy hujjatni kutish yoki olish zarurati qolmaydi, garchi ayrim holatlarda biometrik maʼlumotlarni shaxsan taqdim etish talab qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, chegara nazoratidan o‘tish, ish beruvchilar, uy egalari yoki boshqa vakolatli tashkilotlarga immigratsiya maqomini tasdiqlash jarayoni ham ancha tez va oson kechadi. Davlat idoralari ham zarur hollarda mazkur maʼlumotlarni elektron tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab Buyuk Britaniya vizasi tasdiqlangan yangi arizachilar uchun muhim yangilik kuchga kirdi. Unga ko‘ra, pasportga yopishtiriladigan anʼanaviy viza stikerlari (visa vignette) berilmaydi va arizachilarga faqat eVisa rasmiylashtiriladi. Ayrim hollarda arizachiga FAV (Form for Accompanying an eVisa) hujjati berilishi mumkin.

Ushbu hujjatni viza markazidan olib ketish talab etiladi hamda u eVisa bilan bog‘langan holda mamlakatga safar qilish imkonini beradi. Shu bois, safardan oldin har bir shaxs o‘zining “UKVI” akkauntiga kirib, eVisa maʼlumotlari hamda mamlakatga kirish ruxsatini tekshirib chiqishi tavsiya etiladi.

Agar arizachining pasporti yoki safar hujjati viza markazida saqlanayotgan bo‘lsa, u ariza ko‘rib chiqilayotgan davrda egasiga qaytariladi. Pasportni qachon olish mumkinligi haqida viza markazi murojaat etuvchini alohida xabardor qiladi. Shuning uchun chaqiruv bo‘lmasdan turib viza markaziga borish maqsadga muvofiq emas.

Shuningdek, 2026-yil 11-martdan boshlab “Home Office” tomonidan berilgan safar hujjatlari avtomatik ravishda “UKVI” akkauntiga bog‘lanadi. Yangi safar hujjati rasmiylashtirilgan taqdirda, uning maʼlumotlari qaror qabul qilinganidan keyin ikki ish kuni ichida akkauntda aks etadi. Biroq xorijga safar qilishda jismoniy safar hujjatini ham o‘zingiz bilan olib yurish majburiyligicha qoladi.

Umuman olganda, eVisa tizimi Buyuk Britaniya immigratsiya tizimini yana-da zamonaviy, xavfsiz va samarali qilishga qaratilgan muhim islohotlardan biri hisoblanadi. Raqamli viza orqali fuqarolar o‘z immigratsiya maqomini onlayn tarzda boshqarish, uni istalgan vaqtda “UKVI” akkaunti orqali tekshirish hamda zarur hollarda tezkor tarzda tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa hujjatlar bilan bog‘liq ortiqcha vaqt sarfi, byurokratik jarayonlar va turli noqulayliklarni sezilarli darajada qisqartiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish