O‘zbekiston Prezidenti milliy aviakompaniyani transformatsiya qilish va IPOga tayyorlash ishlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi
Iyun 15, 2026. 15:40 • 4 daq
• 65
TOSHKЕNT, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va IPOga tayyorlash ishlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni isloh qilish, ularda korporativ boshqaruv va hisobotning xalqaro standartlarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani va uning boshqaruviga “Franklin Templeton” kompaniyasi jalb etilgani muhim qadam bo‘ldi.
O‘tgan oyda Milliy investitsiya jamg‘armasi ilk bor xalqaro bozorda 690 million dollarlik aktivlarni joylashtirdi. Bu orqali O‘zbekiston global kapital bozori qoidalari asosida ishlashga tayyor ekani haqida muhim signal berildi. Joylashtirish jarayonida talab taklifdan 4 barobar yuqori bo‘lib, yirik investorlar tomonidan qariyb 3 milliard dollarlik buyurtmalar berildi.
Endi jamg‘arma portfelidagi 13 ta yirik kompaniyada transformatsiya jarayonlarini tezlashtirib, ularni IPOga tayyorlash vazifasi turibdi. Jumladan, “Uzbekistan Airways”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “O‘zbektelekom” bo‘yicha ishlarni shu yilning o‘zida yakunlanishi maqsad qilingan.
Taqdimotda “Uzbekistan Airways” AJ misolida mazkur jarayonlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Franklin Templeton” vakillari tomonidan milliy aviakompaniyaning faoliyati diagnostikadan o‘tkazilib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur to‘liq amalga oshirilsa, kompaniyaning operatsion daromadlarini bir yilda 120 million dollarga oshirish imkoni borligi hisob-kitob qilingan.
Jumladan, marshrutlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvlarni oshirish va mijozlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, reyslarni bekor qilish holatlari va kechikishlarni kamaytirish, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish kabi tizim korxonalari samaradorligini oshirish, bozordagi vaziyatga tezkor moslashish va malakali mutaxassislarni jalb qilish hisobidan qo‘shimcha daromad olish mumkinligi qayd etildi.
Bu choralar natijasida aviakompaniyaning bozor qiymatini 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard dollargacha oshirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, dastur ishlab chiqilganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramay, uni amalga oshirish ishlari sust borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari kompaniyani xalqaro kapital bozoriga tayyorlash uchun, avvalo, boshqaruv sifatini tubdan oshirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash, hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish va kredit reytingini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.
Yil yakunigacha milliy aviakompaniyaning 15-20 foiz aksiyasini xalqaro IPO orqali sotish maqsad qilingan. Buning uchun kompaniya faoliyatini xolis baholash, uning investitsion jozibadorligini oshirish, maxsus havo kemalarini kompaniya balansidan chiqarish, davlat buyurtmasi asosida bajarilgan xizmatlarni qoplash mexanizmini joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi belgilandi.
Taqdimotda turizm sohasidagi yuqori o‘sish sur’atlari aviakompaniya oldiga yangi talablar qo‘yayotgani ham qayd etildi. Yil boshidan mamlakatimizga kelgan turistlar soni 27,5 foizga oshib, qariyb 5,5 million nafarga yetdi. Ayniqsa, Xitoy, Malayziya, Yaponiya va AQSHdan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli ko‘paygan.
Ayni paytda milliy aviakompaniya bu o‘sishga yetarlicha tez moslasha olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Samolyotlar parkini kengaytirish ishlarida kechikishlar mavjud.
Shu bois, aviakompaniyada xaridlar tizimini alohida tartib asosida tashkil etish, samolyotlar parkini kengaytirish bo‘yicha qarorlarni tezkor qabul qilish va bu jarayonlarda xalqaro amaliyotni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviaxabiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Buning uchun “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” va “Yangi Toshkent” aeroporti o‘rtasidagi hamkorlikni yagona tizim asosida muvofiqlashtirish, infratuzilma, yo‘nalishlar va tranzit tarmog‘ini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga Milliy investitsiya jamg‘armasi portfelidagi korxonalar transformatsiyasini tizimli tashkil etish uchun alohida loyiha ofisini ishga tushirish, kompaniyalar boshqaruv organlariga xalqaro moliya bozorlari talablarini yaxshi biladigan, amaliy tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish, har bir korxona bo‘yicha IPOga tayyorgarlikning aniq grafigini ishlab chiqish va ijrosini qat’iy nazorat qilish topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi