O‘zbekiston Prezidenti MDH mamlakatlari milliy taomlari festivalida bo‘ldi
Oktabr 08, 2026. 22:40 • 2 daq
• 40
TOSHKЕNT, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida tashkil etilgan milliy taomlar festivaliga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, festivalda to‘qqiz mamlakat – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston ning pazandachilik an’analari namoyish etildi.
O‘zbekiston stendida mehmonlar yurtimizning turli hududlariga xos non va pishiriqlar, qandolat mahsulotlari hamda quritilgan mevalar bilan tanishdilar. Ularga novvoylikning ko‘p asrlik an’analari haqida so‘zlab berildi. Oshpazlar somsaning bir necha turini, shuningdek, shivit oshi va tuxumbarak kabi Xorazm taomlarini tayyorlash, non yopish jarayonlarini namoyish etdilar. O‘zbek palovining turli xillari va milliy oshxonamizning boshqa taomlari ham mehmonlar e’tiboriga havola qilindi.
Ekspozitsiyadan xalq hunarmandchiligi namunalari ham o‘rin oldi. Rishton, Buxoro, Marg‘ilon va Samarqand hunarmandlari o‘z mahsulotlari hamda ularni tayyorlashning an’anaviy usullarini namoyish etdilar. Milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar festivalga bayramona ruh bag‘ishladi.
Delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston stendi bilan tanishgach, festivalning boshqa milliy ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi