«The Diplomatic Insight»: O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan iqtisodiy aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda

Oktabr 09, 2026. 09:00 • 2 daq

• 20
«The Diplomatic Insight»: O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan iqtisodiy aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda

ISLOMOBOD, 9-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Pokistonning «The Diplomatic Insight» nashrida «O‘zbekistonning mintaqaviy tashabbuslari – Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari uchun iqtisodiy natijaga yo‘naltirilgan» sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning muhim mexanizmiga aylangani ta’kidlangan.

Ushbu format doirasida transport va tranzit masalalari, infratuzilmadan samarali foydalanish, chegaraoldi tartib-taomillarini soddalashtirish hamda ishlab chiqarish kooperatsiyasi kabi bir nechta davlat ishtirokini talab etadigan masalalarni muvofiqlashtirish imkoni yaratilmoqda.

Nashrda 2025-yil 16-noyabrda Toshkentda o‘tkazilgan yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjonning ushbu formatda to‘laqonli ishtirok etishi bo‘yicha qabul qilingan qaror haqida to‘xtalib o‘tilgan.

«Bu Markaziy Osiyoda shakllanayotgan ishlab chiqarish zanjirlarini Janubiy Kavkazning transport infratuzilmasi, Turkiya hamda Yevropa bozorlariga chiqish yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiradi», – deya qayd etilgan materialda.

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017–2025-yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 3,1 barobar oshib, 8,3 milliard dollarga yetgan. Ozarbayjon bilan savdo hajmi esa shu davrda 9,5 barobar o‘sib, 307,3 million dollarni tashkil etgan.

Nashrda ta’kidlanishicha, ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi, O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan qo‘shma investitsiya institutlari davlatlar o‘rtasidagi loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va investitsiyaviy xatarlarni taqsimlash imkonini berayotgani qayd etilgan.

Material yakunida savdo to‘siqlarini bartaraf etish, tashish jarayonlarini muvofiqlashtirish va loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning muhim yo‘nalishlari bo‘lib qolayotgani urg‘ulangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish