Ayman Safadiy: O‘zbekiston Prezidentini Iordaniyada qabul qilish sharafiga ega bo‘lishni intiqlik bilan kutmoqdamiz
Iyul 06, 2026. 20:30 • 2 daq
• 61
TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Husayn Safadiy “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.
– Men uchun O‘zbekistonda mehmon bo‘lish katta sharaf. Bizning tashrifimiz o‘tgan yili Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn Hazrati Oliylarining O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi, shuningdek, u kishining Prezident Janobi Oliylari bilan o‘tkazgan samarali muzokaralari va sermahsul uchrashuvlarida erishilgan natijalarning mantiqiy davomidir.
Mamlakatlarimiz birodar davlatlardir. Biz hamkorlikning boy tarixiga egamiz va kelgusida o‘zaro manfaatli aloqalarimizni yanada yuksak bosqichga olib chiqish ustida birgalikda ishlayapmiz.
O‘zbekiston Prezident Janobi Oliylari rahnamoligida ulkan taraqqiyotga erishayotgan buyuk mamlakatdir. Go‘zal Islom sivilizatsiyasi markazi bizda mamlakatning boy tarixi va bebaho merosini aks ettiruvchi ma’rifatparvarlik ruhini yanada teran his etish imkonini berdi. Inshaalloh, ana shu mustahkam poydevor ustida bunyod etilayotgan kelajak ham shunday buyuk bo‘ladi.
Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar hamkorlikni kengaytirish yo‘lida jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Avval ham ta’kidlaganimdek, Podshoh Hazrati Oliylarining O‘zbekistonga tashrifi va u kishining Prezident Janobi Oliylari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari haqiqatan ham tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Biz iqtisodiyot, madaniyat, turizm, mudofaa hamda boshqa ko‘plab sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab beruvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdik. Bugun bu borada sezilarli natijalarni ko‘ryapmiz.
Albatta, yaqin kelajakda O‘zbekiston Prezidentini Ammon shahrida qabul qilish sharafiga ega bo‘lishni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Bo‘lajak tashrif munosabatlarimizda erishilgan ulkan taraqqiyotni yanada mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Bizda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq tasavvur va yondashuv mavjud. Mamlakatlarimiz o‘rtasida allaqachon mustahkam va samarali hamkorlik shakllangan, biroq har ikki xalq manfaati yo‘lida yanada ko‘proq ishlarni amalga oshirish mumkinligiga ishonamiz.
Shu bois, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz va kelgusida hamkorligimiz yanada kengayishiga ishonchim komil.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi