O‘zbekiston Prezidenti AQSh Kongressi Vakillar palatasi delegatsiyasini qabul qildi
Avgust 25, 2026. 12:08 • 2 daq
• 89
TOSHKENT, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida amerikalik qonun chiqaruvchilar O‘zbekiston Prezidenti va xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy qutladilar.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlarda ijobiy surʼat kuzatilayotgani, siyosiy muloqot yuqori darajada ekani, aloqalar va o‘zaro tashriflar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat yetakchilari yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida strategik sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshdi. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida yirik loyihalarni boshlash va amalga oshirishni nazarda tutuvchi uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni ilgari surishda AQSh Kongressining muhim o‘rni qayd etildi.
Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. AQSh delegatsiyasi aʼzolari vakillik qilayotgan Missuri, Shimoliy Karolina, Texas va Gavayi shtatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ishbilarmonlik missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi