O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston Prezidentini mamlakatning yangilangan parlamenti - Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi

Avgust 24, 2026. 07:30 • 2 daq

86
O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston Prezidentini mamlakatning yangilangan parlamenti - Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi

TOSHKENT, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga maktub yo‘llab, mamlakatning yangilangan parlamenti – Qurultoyga saylovlar xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy voqea Qozog‘iston siyosiy tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va parlament rolini sezilarli darajada kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berganini taʼkidladi, – deb yozdi O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining telegram-kanalida. – Saylovlarda fuqarolarning faol ishtiroki Qasim-Jomart Toqayev rahbarligida amalga oshirilayotgan, Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, uning xalqaro maydondagi nufuzi va taʼsirini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin tasdig‘i ekani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bilan bog‘langan qardosh qozoq xalqi zaminida bugun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarning yuksak natijalaridan samimiy mamnun ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ruhida yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishiga ishonch bildirildi.

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevga mustahkam sog‘lik, farovonlik va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qozog‘iston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi”.

Eslatib o‘tamiz, 23 avgust kuni Qozog‘istonda mamlakatning yangi bir palatali parlamenti - Qurultoy deputatlari saylangan edi. Bu yangi Konstitutsiya qabul qilinganidan keyingi birinchi parlament saylovlaridir. Ovoz berish jarayoni kecha mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da yakunlandi. Mamlakat bo‘ylab jami 10 ming 423 ta saylov uchastkasi ochilib, unda 145 ta deputatlik o‘rni uchun “Әdіlet”, “Ovul”, “Aq jol”, USDP, “Baytaq”, QXP va “Respublica” partiyalaridan nomzodlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish