Yevgeniy Baskin: Yangi O‘zbekiston tashqi dunyoga ochiq va investorlar uchun jozibador davlatga aylanmoqda

Avgust 25, 2026. 13:00 • 3 daq

87
Yevgeniy Baskin: Yangi O‘zbekiston tashqi dunyoga ochiq va investorlar uchun jozibador davlatga aylanmoqda

MINSK, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Belarusdagi faxriy konsuli, “Servolyuks” kompaniyasi raisi Yevgeniy Baskin mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Mustaqillikning 35 yilligi mamlakat hayotida muhim tarixiy sana sifatida keng nishonlanmoqda. Bu qutlug‘ ayyom nafaqat bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, balki Yangi O‘zbekistonning kelgusi maqsad va ustuvor vazifalarini belgilash uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi o‘n yil O‘zbekiston uchun tub islohotlar va keng ko‘lamli o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Mamlakat qisqa davr ichida nisbatan yopiq va xomashyoga yo‘naltirilgan iqtisodiyotdan tashqi dunyo uchun ochiq, jadal rivojlanayotgan va investitsiyalar uchun jozibador davlatga aylandi.

Ayniqsa, valyuta bozorini liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat zonalari va texnoparklarni rivojlantirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish kabi islohotlar mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘ldi.

8–9-iyul kunlari O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi ikki mamlakat munosabatlari tarixida muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston–Belarus strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

Shu bilan birga, mazkur tashrif davomida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlik rejasi, agrosanoat, yengil sanoat, turizm, madaniyat, ilm-fan va boshqa sohalarda qator hujjatlar qabul qilindi. O‘zaro savdo hajmini yaqin istiqbolda 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi.

Bunday qo‘shma chora-tadbirlar biz tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihamiz ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirmoqda. Toshkent viloyatida tashkil etilgan parrandachilik klasterida yem ishlab chiqarishdan tortib, parranda go‘shtini qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida inson kapitaliga, ilm-fan va taʼlimga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kompaniyamiz yurtingizdagi to‘rtta oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik qilayapti. Dual taʼlim dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi talabalar uchun amaliyot va keyinchalik ishga joylashish imkoniyatini yaratmoqda.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li Xitoydan Markaziy Osiyogacha bo‘lgan yo‘lni 900 km va 7–8 kunga qisqartiradi. Transafg‘on yo‘lagi Arabiston dengizi portlariga chiqish imkonini beradi. Bizning biznesimiz uchun bu bevosita logistika xarajatlarini kamaytirish va yangi bozorlarga chiqishdir.

Yana bir bor O‘zbekiston fuqarolarini istiqlol shodiyonasi bilan chin dildan qutlayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish