BMT Bosh Assambleyasi 2028-yilni Xalqaro huquq yili deb eʼlon qildi

Iyul 28, 2026. 17:00 • 2 daq

15
BMT Bosh Assambleyasi 2028-yilni Xalqaro huquq yili deb eʼlon qildi

TOSHKENT, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2028-yilni Xalqaro huquq yili deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu hujjatda xalqaro huquqning tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, hamkorlikni mustahkamlash hamda davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishdagi muhim o‘rni ifodalangan.

Rezolyutsiyada xalqaro huquq normalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va ularga rioya etish zamonaviy xalqaro tizimning samaradorligi, barqarorligi va legitimligini taʼminlashning muhim sharti ekani taʼkidlangan.

Qolaversa, BMTga aʼzo davlatlar, tashkilot tizimidagi muassasalar hamda boshqa manfaatdor tomonlarga 2028-yil davomida xalqaro huquq masalalariga bag‘ishlangan taʼlim, ilm-fan va maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish tavsiya etilgan.

Shu bilan birga, hujjatda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, xalqaro sheriklikni rivojlantirish va yuridik taʼlim sifatini takomillashtirishga ko‘maklashish nazarda tutilgan. Yoshlar, ilmiy hamjamiyat, huquqshunoslar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini xalqaro huquq tamoyillari va normalarini targ‘ib etish jarayonlariga keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

BMT Bosh Assambleyasi Turkmanistonning 2028-yil dekabr oyida Xalqaro huquq bo‘yicha global forumni o‘tkazish tashabbusini maʼqulladi. Mazkur forum Xalqaro huquq yilining asosiy tadbiri bo‘lishi hamda BMTga aʼzo davlatlar, tashkilot tizimi muassasalari, xalqaro idoralar, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati vakillarini bir maydonda jamlashi kutilmoqda.

2028-yilning Xalqaro huquq yili deb eʼlon qilinishi BMTning huquqni o‘qitish va o‘rganishni rivojlantirishga qaratilgan ko‘p yillik faoliyatining mantiqiy davomi hisoblanadi. Bu yo‘nalishda BMTning huquqiy yordam dasturi hamda Xalqaro huquq komissiyasi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish