O‘zbekiston va Hindiston saylov jarayonlarini tashkil etish sohasida tajriba almashuvini kengaytirmoqda

Iyul 28, 2026. 16:30 • 2 daq

92
O‘zbekiston va Hindiston saylov jarayonlarini tashkil etish sohasida tajriba almashuvini kengaytirmoqda

DEHLI, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustambayev Hindiston bosh saylov komissari Gyanesh Kumar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Hindiston Saylov komissiyasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijalari ko‘rib chiqildi.

Suhbatda saylov jarayonlarini tashkil etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda professional tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Hindiston tomoni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi xodimlari uchun o‘quv va malaka oshirish dasturlarini tashkil etishga, shuningdek, ikki mamlakatda o‘tkaziladigan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning o‘zaro ishtirokini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, elektron ovoz berish mashinalari (EVM) va saylovchilar tomonidan tasdiqlanadigan qog‘oz auditi tizimi (VVPAT) kabi zamonaviy saylov texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi tajriba almashish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda ekspertlar muloqotini izchil davom ettirishga kelishib oldi.

Uchrashuv davomida Gyanesh Kumar O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasini 2027-yil yanvar oyida Dehli shahrida o‘tkaziladigan demokratiya va saylovlarni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan anʼanaviy xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.Bundan tashqari, Hindiston tomoni “Dunyo demokratiyalari ensiklopediyasi” global tashabbusini taqdim etib, loyihada O‘zbekistonning ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish uchun tegishli axborot materiallarini topshirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish