O‘zTMK va London metallar birjasi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi

Oktabr 19, 2026. 16:30 • 2 daq

• 105
O‘zTMK va London metallar birjasi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi

LONDON, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida “O‘zbek texnologik metallar kombinati” (O‘zTMK) va London metallar birjasi (LME) o‘rtasida onlayn-muzokara o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zTMK vakillari kombinat faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli rejalar haqida taqdimot qildi. 

Shuningdek, ular O‘zbekistonning muhim minerallar sohasidagi xomashyo salohiyati, ishlab chiqarish imkoniyatlari va sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari xususida batafsil so‘zlab berdilar.

Tomonlar kritik va nodir metallar bozorlaridagi bugungi holat, bozor kon’yunkturasi hamda mahsulot narxini shakllantirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdi.

London metallar birjasi vakillari metall mahsulotlariga narx belgilash tamoyillari, bozor ma’lumotlaridan foydalanish va narxlarni tahlil qilish vositalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Bunda “LME Insight” axborot-tahliliy platformasiga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokara yakunida tomonlar kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldilar. 

Mazkur muloqot O‘zbekistonning muhim minerallar va texnologik metallar sohasidagi salohiyatini xalqaro bozorlarga chiqarish, shuningdek, sohaning ilg‘or xalqaro tajribasi va bozor mexanizmlarini chuqurroq o‘rganish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish