O‘zbekiston Prezidenti chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish va ozuqa ta’minotini yaxshilash choralarini ko‘rib chiqdi

Noyabr 25, 2026. 20:10 • 5 daq

• 12
O‘zbekiston Prezidenti chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish va ozuqa ta’minotini yaxshilash choralarini ko‘rib chiqdi

TOSHKЕNT, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun chorvachilikda ozuqa bazasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda aholi soni va daromadlari oshib borishi, turizm sohasining jadal rivojlanishi natijasida go‘sht va sut mahsulotlariga talab yil sayin ortib bormoqda. Bunday sharoitda ichki bozorni yetarli hajmdagi mahsulot bilan ta’minlash, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va narxlar barqarorligini saqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda ozuqa xarajatlari go‘sht yetishtirish tannarxining 30 foizini tashkil qilmoqda. Respublikamizda 12,5 million bosh qoramol, 23 million bosh qo‘y-echki va 125 million bosh parranda boqilayotgan bo‘lib, yiliga 48 million tonna ozuqa yetishtirilmoqda. Bu mavjud ehtiyojni to‘liq qoplamayapti. Xususan, bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa talab etilsa, amalda bu ko‘rsatkich 4 tonnadan oshmayapti.

Shu bilan birga, chorvachilik uchun ajratilgan qariyb 480 ming gektar yer maydonining kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilmoqda. Ozuqabop ekinlar hosildorligi, aholi xonadonlariga sifatli ozuqa yetkazib berish tizimi va naslchilik ishlari ham bugungi talablarga to‘liq javob bermaydi.

Shu munosabat bilan taqdimotda ozuqa yetishtirish hajmini 2027-yilda 64,5 million tonnaga, 2030-yilga borib esa 90 million tonnaga yetkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.

Avvalo, hududlar kesimida ozuqa balansi shakllantirilib, ozuqabop ekin maydonlari va ekin turlarining hisobini yuritish to‘liq raqamlashtiriladi. Chorvachilik uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanilishi kosmik monitoring orqali nazorat qilinadi.

Mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish, takroriy ekin ekishni kengaytirish, serhosil navlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga ozuqabop ekinlar hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2030-yilgacha 200 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish va ushbu maydonlarda ozuqabop ekinlar yetishtirish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda bu boradagi ishlar 50 ming gektar maydonda amalga oshiriladi.

Yaylovlarning mahsuldorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Qashqadaryo viloyatining sakkizta tumanida xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ozuqabop ekinlarni yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. 2030-yilga qadar respublika bo‘yicha 1 million gektar yaylovda dronlar yordamida urug‘ sepish rejalashtirilgan.

Ozuqa yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash, saqlash, zaxiralash va iste’molchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan yaxlit tizimni yaratish taklif etildi.

Buning uchun hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalari tashkil etiladi. Markazlar tomonidan ozuqani yirik hajmda xarid qilish, qayta ishlash, yetarli zaxiralarni shakllantirish va bozorga uzluksiz yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur tizim, ayniqsa, mamlakatimizdagi qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini sifatli va maqbul narxdagi ozuqa bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Taqdimotda chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 500 gektardan ortiq yerni ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun o‘zlashtirib, zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etgan tadbirkorlarga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 100 ming kub metrgacha suv sig‘imiga ega havzalar qurib berish taklif qilindi.

“Pivot” sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun ajratiladigan subsidiya miqdorini har bir gektarga 2,5 million so‘mdan 4 million so‘mgacha oshirish, kamida 10 gektar maydonni sug‘orishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishda uskunalar xaridi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish nazarda tutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yaylovlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga ushbu maydonlarning bir qismida chorvachilik komplekslarini qurish imkoniyatini yaratish taklifi o‘rtaga tashlandi.

Qolaversa, ozuqa markazlarini tashkil etish va ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishda qo‘shimcha yengilliklar berish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish va mahalliy kadrlar malakasini oshirish xarajatlarining bir qismini qoplash ko‘zda tutilgan.

2027-yildan Qashqadaryo viloyatida sinov tariqasida aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva uchun ozuqa xarid qilish xarajatlarining 10 foizini subsidiyalash tizimini joriy etish taklifi bildirildi.

Sohada ilm-fan yutuqlarini keng qo‘llash va urug‘chilikni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bugungi kunda ozuqabop ekinlar urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanmoqda.

Qashqadaryoda Misr olimlari bilan ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlarini tashkil etish, mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli navlarni yaratish hamda urug‘ importini bosqichma-bosqich qisqartirish rejalari taqdimot qilindi.

Chorva naslini yaxshilash orqali go‘sht va sut yetishtirish hajmini ko‘paytirishning qo‘shimcha imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, sun’iy urug‘lantirish va yuqori genetik qiymatga ega embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalarini keng qo‘llash, hududlarda naslchilik xizmatlarini rivojlantirish, yirik xo‘jaliklar bilan aholi xonadonlari o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Taqdimotda nazarda tutilgan chora-tadbirlar hisobiga chorva mahsuldorligini sezilarli darajada oshirish, qoramollarni so‘yishga topshirishdagi tirik vaznini 250-350 kilogrammdan 450-550 kilogrammga yetkazish hamda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Prezidentimiz chorvachilik tarmog‘ida barqaror o‘sishni ta’minlash uchun, avvalo, mustahkam ozuqa bazasini yaratish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni puxta ishlab chiqish, ularni moliyalashtirishning aniq mexanizmlarini belgilash, hududlar kesimida manzilli loyihalarni shakllantirish hamda ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish