O‘zbekiston va Iordaniya yetakchilari qo‘shma ko‘rgazma bilan tanishdi
Noyabr 24, 2026. 19:57 • 2 daq
• 39
TOSHKENT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ammon shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston – Iordaniya” ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentiga Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn hamrohlik qildi.
Ko‘rgazmada ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik salohiyati, tog‘-kon sanoati hamda geologiya, kimyo, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat, transport va logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika hamda mudofaa sanoati kabi ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan bo‘limlar tashkil etilgan.
Yetakchilarda barcha tarmoqlar bo‘yicha O‘zbekiston va Iordaniyadagi istiqbolli investitsiya loyihalari ham taqdimot qilindi. Bu ikki mamlakat investorlariga sarmoya kiritish mumkin bo‘lgan manfaatli loyihalar bilan bevosita tanishish imkonini berdi.
Stendlarda mineral xomashyo va bazalt mahsulotlari, o‘g‘itlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kalava ip, mato va tayyor kiyimlar hamda dori vositalari namunalari namoyish qilinmoqda.
Ikki mamlakat yirik kompaniyalari vakillari qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan axborot berdi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston va Iordaniyaning yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani mustahkamlash, ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalar almashinuvini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi