“Hello Magyar”: O‘zbekistondagi islohotlar inson qadrini ta’minlash va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan
Noyabr 25, 2026. 19:00 • 2 daq
• 48
BUDAPЕSHT, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Hello Magyar” portalida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyevning “Yangi O‘zbekistonda inson qadri va diniy bag‘rikenglik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning ta’kidlashicha, mamlakatdagi islohotlar inson qadrini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan.
Iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar ilm-fan hamda ta’limni rivojlantirish, vijdon erkinligini mustahkamlash va diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilish bilan chambarchas bog‘liq holda olib borilmoqda.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilinib, keyinchalik yangilangan bo‘lsa, bugungi kunda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkamlangan.
Maqolaning katta qismi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va Bahouddin Naqshbandning ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi rekonstruksiya qilingan Imom Buxoriy majmuasi ushbu merosni o‘rganish hamda targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Sodiq Toshboyev yoshlarni ilm-ma’rifat, vatanparvarlik va ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularni buzg‘unchi g‘oyalardan, jumladan, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan bir sharoitda himoya qilish muhimligini alohida qayd etgan.
Maqolada O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari istiqomat qilayotgani qayd etilgan. Bag‘rikenglikning amaliy ifodasi sifatida har yili o‘tkaziladigan Bag‘rikenglik haftaligi, 2023-yilda ta’sis etilgan “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni (500 dan ortiq kishi taqdirlangani), Ramazon va Qurbon hayitlarining nishonlanishi, mehr-oqibat va hamjihatlik maktabi sifatida mahalla e’tirof etilgan.
Xulosa o‘rnida muallif bag‘rikenglik nafaqat qonunlar bilan, balki insonlar ongida ham qaror topishi kerakligini ta’kidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi