O‘zbekiston Prezidenti kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi
Mart 11, 2026. 19:23 • 4 daq
• 17
TOSHKENT, 11-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tanqidiy ruhda o‘tgan tadbirda tarmoqni “maqsad – harakat – natija” tamoyiliga asoslangan yangi strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimi asosida isloh qilish zarurligi ta’kidlandi. Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlarni belgilash topshirildi.
Jumladan, joriy yilda tarmoq mahsulotlari eksportini 720 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Qishloq xo‘jaligida rejalashtirilgan hosil hajmlarini ta’minlash uchun azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 135 ming tonnaga, kaliyli o‘g‘itlarni esa 222 ming tonnaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, tarmoq va hududlar tomonidan joriy yilda 9,5 milliard dollarlik 133 ta loyihani amalga oshirish doirasida 2,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan. Jumladan, kimyo sanoati korxonalari va hududlarda 24 ta strategik loyiha doirasida 1,3 milliard dollar investitsiyalarni o‘zlashtirib, 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish vazifasi belgilangan.
Shu bilan birga, Qo‘ng‘irot soda zavodida ishlab chiqarishni kengaytirish, “Samarqandkimyo” korxonasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Dehqonobod kaliy zavodi quvvatlarini oshirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish jarayoni tanqidiy ko‘rib chiqildi. Muddatlarning asossiz cho‘zilayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga investorlar bilan birgalikda mazkur loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda yakunlashni ta’minlash topshirildi.
“Ammofos-Maksam” korxonasi faoliyati davomida to‘plangan fosfogips sanoat chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Ushbu chiqindidan qo‘shimcha mahsulotlar, jumladan, sulfat kislotasi ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kimyo sanoatini strategik rivojlantirish uchun zamonaviy ilmiy va texnologik infratuzilmani shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Mazkur markaz gaz va ko‘mir kimyosi, chuqur kimyoviy tahlil, sorbentlar, katalizatorlar, nano va kompozit materiallar kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashadi va bu borada Markaziy Osiyodagi yagona ilmiy-tadqiqot instituti bo‘ladi.
Taqdimotda erituvchi moddalar, quruq sian tuzlari, kaustik soda, silikon, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni tashkil etish, “Farg‘onaazot”da ammiak, karbamid va ammiakli selitra quvvatlarini modernizatsiya qilish, “Navoiyazot”da g‘ovaksimon selitra, Toshkent viloyatida maishiy kimyo vositalari, Birinchi rezinotexnika zavodida yangi turdagi shinalar ishlab chiqarish loyihalarining borishi haqida ham ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida loyihalarning boshqarish samaradorligini oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, jamiyat va uning tizimidagi korxonalarda ERP tizimi joriy qilinib, 21 ta vazirlik va idoralar hamda xarid operatorlari bilan integratsiya qilindi, 16 ta axborot tizimi yagona raqamli platformaga birlashtirildi. Moliyaviy holatni tahlil qilish va prognozlash, mineral o‘g‘itga ehtiyojni bashorat qilish jarayonlariga bosqichma-bosqich sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, mineral o‘g‘itlarning korxonadan fermergacha harakatidagi barcha jarayonlarni raqamli nazorat bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Hisob palatasi bilan birgalikda energiya resurslarini tejash, xomashyo xarajatlarini qisqartirish va raqamlashtirish chora-tadbirlari orqali kimyo sanoatida mahsulot tannarxini 10-15 foizgacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.
Yakunda davlatimiz rahbari kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, muammoli masalalarni tezkor hal qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi