Logo

Ashxobod shahrida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida taʼlim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Mart 11, 2026. 17:00 • 2 daq

13
Ashxobod shahrida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida taʼlim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

ASHXOBOD, 11-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Ashxobod shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Botir Mammedov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilarining qatʼiy siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli ikki qardosh davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari yangi marralarga ko‘tarilib, hamkorlikning barcha sohalarda, shu jumladan ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda faol rivojlanib borayotganligi taʼkidlandi.

Shu o‘rinda ikki qardosh davlat o‘rtasidagi ilm-fan, taʼlim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Amaliy loyihalar sifatida oliy va maktab taʼlimi sohalarida hamkorlik “yo‘l xaritalari”ni imzolash, taʼlim muassasalari o‘rtasida akademik va ilmiy aloqalarni faollashtirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvlari kengaytirish, har ikki mamlakatda o‘tkaziladigan taʼlim, sog‘liqni saqlash va sport tadbirlarida o‘zaro ishtirokni taʼminlash, yoshlar forumlari va sport musobaqalarini tashkil etish masalalari ko‘tarildi.

Uchrashuv yakunida o‘zbek-turkman munosabatlarining yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik mohiyati asosida ijtimoiy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yana-da kengaytirishga birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish