O‘zbekiston va Misr qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Mart 11, 2026. 14:15 • 2 daq
• 4
QOHIRA, 11-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tashabbusi bilan Misrning “Daltex” korporatsiyasi va mamlakatimizdagi “UzAgroStar” xoldingi mutaxassislari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Misr tomonining qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish va sunʼiy idrok yordamida boshqarish borasidagi tajribasini o‘rganish, O‘zbekistonga uzum va sitrus mevalar ko‘chatlarini yetkazib berish, mayiz va quruq mevalar, olcha va gilos, piyoz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘z kompaniyalari, mavjud loyihalari va istiqboldagi rejalari yuzasidan tegishli taqdimotlar o‘tkazdilar. “Daltex” korporatsiyasi uchrashuvda ko‘tarilgan barcha masalalarda O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlikka tayyorligini bildirib, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishda amaliy yordam berishini taʼkidladi.
Uzum va sitrus mevalar ko‘chatlari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari borasida o‘zbek tomoni mahalliy iqlim sharoitlari, yer unumdorligi, tuproq analizi, suv zaxiralari haqida batafsil maʼlumotlarni taqdim etishga, Misr tarafi esa ular asosida yurtimizda yetishtirish mumkin bo‘lgan o‘zining sifatli va serhosil meva-sabzavotlari navlari bo‘yicha taklif va xulosalarini berishga kelishib olindi. Shuningdek, o‘zaro axborot almashish, hamkorlikning keyingi bosqichlari va tafsilotlarini muhokama qilish maqsadida qo‘shimcha muzokaralar olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi