O‘zbekiston Prezidentiga xalqaro taʼlim standartlari asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi yondashuvlar taqdimot qilindi

Iyul 10, 2026. 18:15 • 5 daq

8
O‘zbekiston Prezidentiga xalqaro taʼlim standartlari asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi yondashuvlar taqdimot qilindi

TOSHKENT, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun xalqaro taʼlim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda so‘nggi sakkiz yilda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, yoshlarning sifatli taʼlim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetdi. Joriy yilning o‘zida 643 ta texnikumning 100 tasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or kasbiy taʼlim dasturlari joriy etilmoqda.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi mingta oliy taʼlim muassasasi qatoridan o‘rin oldi. Oliygohlardagi 157 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, taʼlim sifatini yana-da oshirish, milliy oliygohlarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish va bitiruvchilarning global mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi uchun ishlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi.

2030-yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan. Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.

Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan taʼminlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.

Taqdimotda integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini keng joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ular asosan ikki oliygoh o‘rtasida tashkil etilib, talabalarning taʼlim yo‘nalishini erkin tanlash imkoniyati cheklangan.

Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan dasturlar talabaga o‘qish davomida bir nechta universitetda taʼlim olish, turli mamlakatlar akademik muhiti va taʼlim standartlaridan foydalanish imkonini beradi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universitetida biznes boshqaruvi, arxitektura hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq oliygohi bilan hamkorlikda shunday dasturlar joriy etilgan. Natijada 371 nafar talaba “1+3”, “2+2” va “3+1” modellari asosida tahsil olib, Britaniya standartlariga mos diplom olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Mazkur tizim orqali talabalarning xorijda o‘qish va yashash xarajatlarini 10 barobargacha qisqartirish mumkinligi qayd etildi. Hozirgi kunda minglab o‘zbekistonlik talaba Buyuk Britaniyada to‘rt yillik taʼlim dasturlarida tahsil olmoqda. Ularning har biri uchun o‘qish va yashash xarajatlari yiliga 50 ming dollargacha yetadi.

Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.

Oliy maktabda taʼlim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.

Shuningdek, oliy maktab va hamkor taʼlim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha bo‘lgan taʼlim dasturlarini joriy qilish, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy taʼlim o‘rtasidagi uzviylikni taʼminlaydigan “2+3”, “1+2”, “2+1”, “1+3”, “2+2”, “3+1” kabi taʼlim modellari ko‘rib chiqildi.

Bunda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil taʼlim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Texnikum bitiruvchilari esa taʼlimni qisqartirilgan dastur asosida universitetda davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.

Integratsiyalashgan dasturlarni tibbiyot, energetika, sanʼat va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarga ham kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markaziga integratsiyalashgan dasturlarni nufuzli TOP-100 oliygohlar akademik talablariga moslashtirish, ular bilan “1+3” va “2+2” shaklidagi dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Markaz huzurida xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilib, ishchi guruh 2027-yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita taʼlim dasturlari markazini tashkil etadi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya dasturini ham yangi tizimga moslashtirish taklif qilindi. Endilikda dastur Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliygohlardagi integratsiyalashgan taʼlim yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.

Shuningdek, dunyoning nufuzli universitetlariga shartli qabul qilingan yoshlarning O‘zbekistondagi oliygohlarda birinchi kurs yoki “Foundation” dasturida o‘qish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlarga taʼlimni mamlakatimizda boshlab, keyinchalik xorijda davom ettirish imkonini beradi.

Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi.

Bunda Qatardagi “Education City”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.

Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qo‘llash, shuningdek, royalti to‘lovlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Asosiy maqsad O‘zbekistonni xalqaro taʼlim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi taʼlim markaziga aylantirish ekani taʼkidlandi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ularning sifatini xalqaro talablarga muvofiq taʼminlash, nufuzli xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish