Eron AQSHning yangi hujumlariga javoban mintaqadagi Amerika obyektlariga zarba berdi

Iyul 16, 2026. 17:30 • 3 daq

106
Eron AQSHning yangi hujumlariga javoban mintaqadagi Amerika obyektlariga zarba berdi
“AP” agentligi surati

VASHINGTON-TEHRON, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH va Eron o‘zaro yangi zarbalar almashib, qarama-qarshilik geografiyasini kengaytirib, Yaqin Sharqdagi keskinlikni tobora kuchaytirayapti, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.

Eron tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, zarbalar Iordaniya, Quvayt va Bahrayndagi obyektlarga yo‘llangan bo‘lib, Amerikaning aloqa tizimlari va yoqilg‘i inshootlariga shikast yetkazgan.

Bunga javoban, AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronning bir nechta hududlariga olti soat davomida zarbalar berilgani haqida xabar qildi. Hujum qo‘mondonlik markazlari, havo hujumidan mudofaa obyektlari, qirg‘oq kuzatuv tizimlari, Bandar Abbos porti va Katta Tomb oroli hududiga berilgan.

Eron ommaviy axborot vositalari mamlakatning shimoliy hududlaridagi portlashlar va Tehronda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani haqida ham xabar berdi. Ko‘p o‘tmay, Quvayt raketalarni tutib olganini maʼlum qildi, Bahrayn hukumati esa aholini osoyishtalikni saqlash va boshpanalarga o‘tishga chaqirdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp avvalroq Tehronni o‘zini yaxshi tutishi kerakligi haqida ogohlantirib, aks holda yangi harbiy harakatlar boshlanishini aytgandi. Shuningdek, u agar mamlakat muzokaralarga qaytmasa, Eronning energetika infratuzilmasiga zarbalar berilishi mumkinligini ham maʼlum qildi.

Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Boqir G‘olibofning taʼkidlashicha, Tehron mamlakat manfaatlariga javob bermaydigan kelishuvga amal qilish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron xavfsizligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat ustidan nazoratni saqlab qolishga bog‘liq.

Islom inqilobi posbonlari korpusi AQSHni Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari manfaatlariga xizmat qiladigan neft va gaz eksportining boshqa yo‘nalishlari yopilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Biroq aynan qaysi yo‘nalishlar nazarda tutilayotganiga aniqlik kiritmadi. Taxminlarga ko‘ra, gap Bob al-Mandab bo‘g‘ozi haqida ketmoqda.

Davom etayotgan qarama-qarshilik fonida Donald Tramp Eronning Amerika fuqarosi Dena Kararini ozod etganini ham qayd etib, buni yaxshi niyat ishorasi, deb atadi. Uning advokati ayol allaqachon AQSHga qaytayotganini maʼlum qildi.

Bir kun avval vositachilik qilayotgan Pokiston AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga hamda o‘tgan oy imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida muzokaralarni qayta tiklashga undashini maʼlum qilgan edi.

Ammo, Eron qurolli kuchlari vakili, brigada generali Muhammad Akraminiya agar AQSH tajovuzi davom etsa, urush yangi maydonlarga tarqalishi haqida ogohlantirdi. Avvalroq Donald Tramp Tehron Vashingtondan muzokaralarni davom ettirishni so‘raganini aytgan, lekin Eron tomoni bu maʼlumotni rad etgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish