Qatardagi oʻzbekistonliklarga koʻmak koʻrsatilmoqda: elchixona vaziyatni nazoratga olgan
Mart 01, 2026. 15:48 • 44 soniya
• 99
Yaqin Sharqdagi soʻnggi voqealar munosabati bilan Qatarda boʻlib turgan 600 ga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi orasida jabrlanganlar aniqlanmadi. Bu haqda mamlakatimizning Dohadagi elchixonasi xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, 28-fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi oqibatida Toshkentga qaytayotgan 48 nafar yurtdoshimiz Doha aeroportida qolib ketgan. Aviakompaniyalar favqulodda vaziyat sabab yoʻlovchilarni mehmonxona bilan taʼminlay olmagan bir sharoitda, elchixona xodimlari zudlik bilan aeroportga yetib borgan. Muzokaralar natijasida fuqarolarimiz, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam soʻragan vatandoshlar vaqtinchalik mehmonxonalarga joylashtirildi.
Qatar havo hududi ochilib, parvozlar tiklanishi bilan fuqarolarimizning Vatanga xavfsiz qaytishi taʼminlanadi. Vaziyat elchixonaning doimiy nazoratida boʻlib, yoʻlovchilar roʻyxati muntazam yangilab borilmoqda.
Diplomatik vakolatxona yurtdoshlarimizni vahimaga tushmaslikka, faqat rasmiy manbalarga tayanishga hamda xavfsizlik yuzasidan odamlar gavjum joylardan saqlanib, mahalliy qonun-qoidalarga amal qilishga chaqiradi.
📞 Murojaat uchun elchixona konsuli Otabek Muratov bilan bogʻlanish mumkin: +974 5141 1001.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
