O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Janubiy Koreyaning Suvon shahridagi jazoni ijro etish muassasasiga tashrif buyurdi

Noyabr 23, 2026. 09:30 • 2 daq

• 145
O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Janubiy Koreyaning Suvon shahridagi jazoni ijro etish muassasasiga tashrif buyurdi

SUVON, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Seul shahridagi elchixonasi diplomatlari Janubiy Koreyaning Suvon shahrida joylashgan jazoni ijro etish muassasasiga tashrif buyurdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida Suvon shahridagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan, shuningdek, jinoyat sodir etishda gumonlanib hibsga olingan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularning murojaatlari, istak va ehtiyojlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Hibsga olingan fuqarolarga huquqiy masalalar yuzasidan tegishli maslahatlar berilib, advokat xizmatlaridan foydalanish hamda zarurat tug‘ilganda amaliy yordam olish uchun elchixonaga murojaat qilish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, elchixona vakillari fuqarolarning saqlanish sharoitlari, jumladan, yashash va ovqatlanish tartibi, shuningdek, madaniy-ma’rifiy hordiq chiqarish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Vatandoshlarga O‘zbekistonda chop etiladigan gazeta va jurnallar hamda tarbiyaviy ahamiyatga ega adabiyotlar topshirildi.

O‘zbekiston fuqarolarining murojaat va iltimoslari muassasaning mas’ul xodimi Chon Chxve Gin e’tiboriga yetkazildi. Suhbat chog‘ida elchixona vakillari vatandoshlarga nisbatan munosib muomalada bo‘lishni ta’minlash, ularning ehtiyojlarini inobatga olish va zarur amaliy yordam ko‘rsatishga chaqirdilar.

O‘z navbatida, O‘zbekiston fuqarolari ko‘rsatilgan huquqiy va amaliy ko‘mak uchun elchixona konsullik bo‘limi xodimlariga minnatdorlik bildirib, davlatimiz tomonidan doimiy g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlovni his etayotganliklarini ta’kidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish