Londonda vatandosh xotin-qizlar uchun milliy hunarmandchilik bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi

Noyabr 25, 2026. 12:30 • 2 daq

• 207
Londonda vatandosh xotin-qizlar uchun milliy hunarmandchilik bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi

LONDON, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyadagi “To‘maris” ayollar birlashmasi bilan hamkorlikda vatandosh xotin-qizlar uchun milliy hunarmandchilik bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirga mohir hunarmand Dilorom Muhammedjanova taklif etildi. Mazkur tadbir o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, milliy hunarmandchilik an’analari va amaliy bezak san’atini xorijda keng targ‘ib etish, yurtdoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga qaratildi.

Mahorat darsi davomida ishtirokchilar o‘zbek milliy naqshlarining o‘ziga xos jihatlari, ularning badiiy xususiyatlari hamda an’anaviy bezak elementlarini zamonaviy kiyimlarga uyg‘unlashtirish usullari bilan tanishdilar.

Dilorom Muhammedjanova ishtirokchilarga munchoqlar yordamida kiyimlarga milliy naqshlar tikish usullarini o‘rgatdi. Vatandosh xotin-qizlar o‘z ijodiy qobiliyatlarini namoyon etib, liboslarni milliy naqshlar bilan bezadilar.

Ushbu mahorat darsi ishtirokchilarga milliy hunarmandchilik an’analarini o‘rganish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, o‘zaro muloqot qilish va tajriba almashish imkonini berdi.

Bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning milliy o‘zligini anglashi, ona Vatan bilan ma’naviy aloqalarini mustahkamlashi, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va hunarmandchilik san’atini xorijda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish