O‘zbekiston va Rossiya hududlari mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Iyun 29, 2026. 09:00 • 2 daq

17
O‘zbekiston va Rossiya hududlari mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

ROSTOV-DON, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi hamda Adigeya Respublikasi vakillari bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi masʼul xodimlari ham kiritildi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan muloqot doirasida Krasnodar o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari Aleksandr Topalov, o‘lkaning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sergey Mishak, Adigeya Respublikasi Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari, moliya vaziri Viktor Orlov hamda har ikki hududning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Muzokaralar markazida tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda Rossiya mintaqalarining profilli organlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari turdi.

Tomonlar tizimli ravishda tayyorgarlikdan o‘tgan ishchi kuchini tashkiliy jalb etish mexanizmlarini joriy qilish, mehnat migrantlarini kasbiy tayyorlash, moslashtirish (adaptatsiya) va huquqiy kuzatib borish (qo‘llab-quvvatlash) istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, taʼlim, kadrlar tayyorlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yana-da mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvlar yakunida O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda Krasnodar o‘lkasi va Adigeya Respublikasining tegishli tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tashkiliy mehnat yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar almashish hamda fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqishni davom ettirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish