Mehnat migratsiyasi sohasidagi O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 28, 2026. 10:00 • 2 daq
• 162
FRANKFURT-MAYN, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Migratsiya agentligi va Germaniyaning “Güven Ambulatory Care Service GmbH” kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida Germaniya tomoniga O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini tartibga solishning amaldagi tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar uyushgan mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish, “Hamshiralik ishi” yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus tibbiy ma’lumotga ega mutaxassislarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish, shuningdek, tibbiyot kadrlarini tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni davom ettirish, soha mutaxassislari ishtirokida keyingi maslahatlashuvlarni o‘tkazish, tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirish masalasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi