“MIR24.TV”: “Andijon polkasi”ning ommaviy ijrosi Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi

Iyun 28, 2026. 13:30 • 2 daq

47
“MIR24.TV”: “Andijon polkasi”ning ommaviy ijrosi Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi

MOSKVA, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Andijonda 20 ming nafar ishtirokchi bir vaqtning o‘zida “Andijon polkasi” raqsini ijro etib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri xalqaro “MIR24.TV” axborot-tahliliy portaliga tayanib.

Qayd etilishicha, mazkur chiqish “Bobur Arena” stadionida Andijon shahriga 2026-yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti maqomi berilgani munosabati bilan o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlar doirasida tashkil etilgan.

Rekordni rasman ro‘yxatga olish uchun belgilangan barcha talab va mezonlarga rioya etilishi Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy vakili tomonidan nazorat qilingan. Tadbir yakunlari bo‘yicha o‘rnatilgan natijaning belgilangan standartlarga to‘liq muvofiqligi tasdiqlanib, jahon rekordi sertifikati topshirilgan.

Nashrning yozishicha, “Andijon polkasi” raqsining tarixi o‘t gan asrning 20 yillariga borib taqaladi. Uning musiqiy asosi O‘zbekiston xalq artisti, isteʼdodli aktyor, bastakor va garmonchi Orif Toshmatov tomonidan yaratilgan. Keyinchalik xoreograf Abdug‘affor Qodirov ushbu kuy asosida raqs kompozitsiyasini sahnalashtirgan. Asar qisqa vaqt ichida keng ommalashib, xalq mehrini qozongan.

Raqsning ilk ijrochisi xalq artisti Roziyaxon Mo‘minova bo‘lgan. Dastlab sahna asari rasmiy nomga ega bo‘lmagani uchun sanʼatkor uni “erkaklar raqsi” deb atagan. Keyinchalik uning jo‘shqin ohangi va o‘ziga xos xoreografik yechimi tufayli kompozitsiya “Andijon polkasi” nomi bilan keng ommalashgan.

Ushbu jahon rekordi nafaqat O‘zbekiston madaniy hayotidagi muhim voqea, balki milliy raqs sanʼatini asrab-avaylash, uni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ham eʼtirof etilmoqda.

Shuningdek, materialda O‘zbekistonda avval ham rekordlar qayd etilganini haqida so‘z yuritilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida yashagan, 1895-yil 1-yanvarda tug‘ilgan Xuvaydo Umarova mamlakatning eng keksa fuqarosi sifatida rasman eʼtirof etilgan. Mazkur rekord O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish