“Republika”: O‘zbekiston va Serbiya hamkorligida “Al-Xorazmiydan Teslagacha” nomli kino ishlanadi

Sentabr 03, 2026. 11:30 • 3 daq

49
“Republika”: O‘zbekiston va Serbiya hamkorligida “Al-Xorazmiydan Teslagacha” nomli kino ishlanadi

BELGRAD, 3 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “Republika” nashrida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida madaniyat sohasidagi aloqalarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning yozishicha, davlatlararo munosabatlarning mustahkamligi faqat siyosiy kelishuvlar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki xalqlarning bir-birini qanchalik yaxshi tushunishi va hurmat qilishi bilan ham belgilanadi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar tobora yangi mazmun kasb etmoqda. 2025-yil 28-oktyabrda Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda taʼlim, ilm-fan va madaniyat sohalarida hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolandi. Endi asosiy vazifa – yaratilgan huquqiy asoslarni aniq va samarali madaniy loyihalar bilan to‘ldirishdir.

Bu borada O‘zbekiston madaniyatini Serbiyada keng targ‘ib qilish, serb madaniyati va sanʼatini mamlakatimizda namoyish etish muhim ahamiyatga ega. Madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, konsertlar, kino namoyishlari, teatr gastrollari, ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari ikki xalqning bir-birini yaqindan anglashi uchun samarali maydon bo‘la oladi.

Nashrda qayd etilganidek, kinematografiya sohasidagi hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. 2026 yil aprel oyida O‘zbekiston Madaniyat vazirligida Serbiya Madaniyat vazirligi davlat kotibi Lav Paykich bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Al-Xorazmiydan Teslagacha” qo‘shma kino loyihasi muhokama qilindi.

Al-Xorazmiy va Nikola Tesla kabi buyuk alloma va ixtirochilar hayoti va ilmiy merosini birlashtirgan ushbu loyiha ikki xalqning ilm-fan va sivilizatsiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng namoyon etish imkonini beradi.

2026 yilda Serbiyada O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejasi ham madaniy diplomatiyaning muhim qadami bo‘lishi mumkin. Bunday tadbirlarni faqat konsert yoki ko‘rgazma sifatida emas, balki yozuvchi va olimlar, sanʼatkorlar, yosh ijodkorlar ishtirokidagi muloqotlar, adabiy kechalar, ilmiy konferensiyalar va mahorat darslarini qamrab olgan keng madaniy platforma sifatida tashkil etish maqsadga muvofiq.

Madaniy merosni asrash sohasida ham ikki davlat uchun keng imkoniyatlar mavjud. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar O‘zbekistonning boy merosini namoyon etsa, Serbiya ham o‘zining qadimiy shaharlari, meʼmoriy obidalari va milliy merosi bilan faxrlanadi. Muzeylar, arxivlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, restavratsiya, muzeyshunoslik va madaniy merosni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amaliy natijalar berishi mumkin.

Xalqlarni yaqinlashtirishda adabiyot va tarjima sanʼatining ham o‘rni beqiyos. O‘zbek adabiyoti namunalarini serb tiliga, serb adabiyoti asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ikki xalqning tarixi, ruhiyati va dunyoqarashini yanada chuqurroq anglash imkonini yaratadi.

Shu bilan birga, Toshkent va Belgrad o‘rtasida o‘rnatilgan sheriklik munosabatlari ham madaniy almashinuvlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish