Bosh vazir Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifi va ShHT sammiti Hindiston OAV markazida
Avgust 31, 2026. 16:15 • 2 daq
• 74DEHLI, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Hindistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari Bosh vazir Narendra Modining O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda Bishkek shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitidagi ishtirokini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Axborot nashrlarining sharhlarida Dehlining Markaziy Osiyodagi strategik maqsadlari va O‘zbekiston bilan munosabatlarni kengaytirish istiqbollari alohida tahlil qilindi.
“The Times of India” nashri Bosh vazir Narendra Modining Toshkentga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi keng ko‘lamli va tobora rivojlanib borayotgan strategik sheriklikni yana bir bor tasdiqlaganini qayd etdi. Gazeta xabarida Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, muhim qazilmalarni qazib olish, farmatsevtika, mudofaa, raqamli aloqadorlik hamda taʼlim sohalaridagi hamkorlik diqqat markazida bo‘lgani taʼkidlandi. Shuningdek, Hindiston rahbari Toshkentdagi Lal Bahodur Shastri xotira majmuasi va Mahatma Gandi markaziga tashrif buyurgani yoritilgan.
“The Indian Express” nashri Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga tayanib, ushbu muloqotlar “Rivojlangan Hindiston – 2047” va “O‘zbekiston – 2030” strategik dasturlarini o‘zaro uyg‘un holda ilgari surishga xizmat qilishiga eʼtibor qaratdi. Maqolada O‘zbekistonda 16 mingga yaqin hindistonlik talaba tahsil olayotgani va Hindiston oliy o‘quv yurtlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani qayd etilib, taʼlim va gumanitar aloqalar rivojiga yuqori baho berildi.
“Navbharat Times” nashri esa tashrifning geosiyosiy va strategik ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Gazeta tahlilchilarining fikricha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning geografik markazida joylashgani sababli Hindiston uchun mintaqadagi eng muhim va ishonchli sherik hisoblanadi. Mualliflar “Do‘stlik” harbiy mashg‘ulotlari va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi mudofaa hamkorligini, shuningdek, Chabahar porti orqali muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalarini atroflicha yoritib bergan. Muzokaralarda ikki tomonlama savdo hajmini yaqin kelajakda 3 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgani alohida taʼkidlangan.
“India TV”, “Mint” va “Outlook India” axborot resurslari Bosh vazir Narendra Modining O‘zbekistondagi sermahsul muzokaralardan so‘ng Bishkekda o‘tayotgan ShHTning 26-sammitidagi ishtirok haqida yozgan.
Hindiston ommaviy axborot vositalari ushbu tashrif Dehli va Toshkent o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni sifat jihatidan yangi va amaliy bosqichga olib chiqqanini yakdil eʼtirof etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




