“Rossiyskaya gazeta”: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda
Sentabr 09, 2026. 14:30 • 2 daq
• 116
MOSKVA, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Rossiyskaya gazeta”sida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda” nomli tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilm-fan, taʼlim va zamonaviy raqamli texnologiyalarni birlashtirgan yirik madaniy-maʼrifiy platforma sifatida taqdim etilgan. Poytaxtimizda qariyb 10 gektar maydonni egallagan va VII asrga oid muqaddas Usmon Qurʼonini saqlaydigan ushbu majmuaning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dinining maʼrifiy mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi bilan bevosita bog‘lanadi. Uchinchi Renessans konsepsiyasi va Sharqning buyuk allomalari merosi orqali maqolada mamlakat ilmiy taraqqiyotining uzviyligi - qadimgi kashfiyotlardan tortib sunʼiy intellekt, VR va AR-texnologiyalari qo‘llanilgan interaktiv ekspozitsiyalargacha keng yoritilgan.
Shuningdek, nashrda Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi yakunlari, unda 20 ga yaqin bitimlar imzolangani taʼkidlangan. Ular orasida Xalqaro mediaalyans tuzish, “Sivilizatsiya ovozi” tanlovini taʼsis etish hamda milliy artefaktlarni xorijdan qaytarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorlar o‘rin olgan bo‘lib, bu O‘zbekiston madaniy merosini dunyoda tizimli targ‘ib qilish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi