“UA.News”: O‘zbekistonning yaqin o‘n yillikdagi taraqqiyot dasturlari Ukraina jamoatchiligi diqqat markazida

Sentabr 08, 2026. 14:30 • 2 daq

155
“UA.News”: O‘zbekistonning yaqin o‘n yillikdagi taraqqiyot dasturlari Ukraina jamoatchiligi diqqat markazida

KIYEV, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “UA.News” axborot portalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi hamda kelgusi o‘n yillikka mo‘ljallangan ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Yangi Toshkent hududida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiyot, taʼlim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, qonun ustuvorligi, mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish va tashqi siyosat sohalarini qamrab oluvchi yettita milliy dastur eʼlon qilindi.

Iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlar haqida so‘z borganda, manba kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish va 2030-yilga borib YAIM hajmini 300 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilganini yozadi.

Shuningdek, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, startaplar, venchur kapitali va sunʼiy intellektni ustuvor yo‘nalish sifatida rivojlantirish nazarda tutilgan. Taʼlim sohasida 6 yoshli bolalarni tayyorlov taʼlimi bilan to‘liq qamrab olish, 1 million yoshni daromadi yuqori kasblarga o‘rgatish va kamida 10 ta oliygohni top-1000 talikka kiritish hamda suv tejovchi texnologiyalarni barcha ekin maydonlarida joriy etish kabi maqsadlar belgilangan.

Ukraina nashri, shuningdek, tadbir o‘tkazilgan Yangi Toshkent shahri loyihasiga to‘xtalib, u 20 ming gektar maydonni egallagani va 2 million aholiga mo‘ljallanganini bildiradi. Tashqi siyosiy maydonda esa O‘zbekiston ochiq va pragmatik siyosatni davom ettirishi, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab dunyosi bilan hamkorlikni kengaytirishi hamda 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatida raislik qilishi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish