Portugaliyalik mutaxassis O‘zbekistondagi supermarketlar tarmog‘iga rahbar bo‘ldi

Sentabr 08, 2026. 16:00 • 2 daq

87
Portugaliyalik mutaxassis O‘zbekistondagi supermarketlar tarmog‘iga rahbar bo‘ldi

VARSHAVA, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Polshada 30 yil professional faoliyat yuritgan portugaliyalik Pedro Martinyo O‘zbekistonning “Korzinka” savdo tarmog‘i bosh direktori etib tayinlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Polshaning “xyz.pl” portaliga tayanib.

Avval “Eurocash” guruhi boshqaruvi aʼzosi bo‘lgan va “Frisco” kompaniyasiga vaqtinchalik rahbarlik qilgan Pedro Martinyo Toshkentga ko‘chib o‘tib, 2-sentabrdan yangi lavozimda ish boshladi.

U O‘zbekistonning iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgani, aholisi yosh va o‘sib borayotgani hamda isteʼmolchilar talabi ortib borayotganini qayd etib, mamlakatni dunyoning eng jozibador rivojlanayotgan bozorlaridan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat taraqqiyoti unga 1990-yillardagi Polshani eslatadi.

“Korzinka” asoschisi va ko‘pchilik aksiyalar egasi Zafar Hoshimov Pedro Martinyoning tez o‘sayotgan bozorlarda chakana savdo kompaniyalarini rivojlantirish borasidagi 30 yildan ortiq tajribasi tarmoq taraqqiyotining keyingi bosqichi uchun muhim omil bo‘lishini taʼkidladi.

1996-yilda tashkil etilgan “Korzinka” bugungi kunda O‘zbekistonning yetakchi supermarketlar tarmoqlaridan biri sanaladi va 16 mingga yaqin xodimga ega. Kompaniya supermarketlar, kichik formatdagi do‘konlar va “Korzinka Go” elektron tijorat platformasini rivojlantirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish