Saidmukarram Abdulqodirzoda: Dunyo bugun birodarlik va o‘zaro hamkorlikka har qachongidan-da muhtoj

Iyul 07, 2026. 18:30 • 3 daq

45
Saidmukarram Abdulqodirzoda: Dunyo bugun birodarlik va o‘zaro hamkorlikka har qachongidan-da muhtoj

TOSHKENT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Ulamolar kengashi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ish boshlagan “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” nomli I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi:

– Bu anjuman insoniyat, ayniqsa, musulmon olami birodarlik, do‘stlik, o‘zaro hamkorlik va birdamlikni mustahkamlashga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan muftiylar, atoqli islom ulamolari, ilohiyotshunoslar va mutafakkirlarni bir joyga jamlagan bunday uchrashuvlar nafaqat musulmon ummati, balki butun jahon hamjamiyati uchun ham ulkan ahamiyat kasb etadi.

Aynan islom ulamolari dindorlar orasida yuksak obro‘-eʼtiborga egadir. Ularning mushtarak saʼy-harakatlari, o‘zaro fikr almashinuvi va hamjihatligi xalqlar, davlatlar va turli madaniyatlar o‘rtasidagi ishonch, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ana shunday tashabbuslar tufayli tinchlik, totuvlik va o‘zaro hamkorlikning mustahkam poydevori shakllanadi.

Bugungi kunda insoniyat bu qadriyatlarga har qachongidan ko‘ra ko‘proq muhtoj. Shu bois, ushbu anjuman odamlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Tashkilotchilar va ishtirokchilarga samimiy muvaffaqiyatlar va sermahsul faoliyat tilayman.

Quvonarlisi, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tinchlik, o‘zaro hamkorlik va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan ezgu, uzoqni ko‘zlagan va haqiqatan ham muhim tashabbuslar bilan chiqmoqda. Har bir davlat yetakchisi aynan shunday masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishi lozim. Biroq, afsuski, bunday tashabbusni hamma ham ko‘rsatavermaydi.

O‘zbekiston yetakchisining faoliyati nafaqat o‘z mamlakati, balki butun mintaqa uchun ham katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda Markaziy Osiyo barqarorlik, xavfsizlik, tinchlik, farovonlik va o‘zaro hurmat muhitiga har qachongidan ko‘ra ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Shu bois uning tashabbuslari yuksak baho va eʼtirofga sazovordir.

Shu bilan birga, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ham xalqaro minbarlardan turib, islom dinining ekstremizm, terrorizm va zo‘ravonlikka mutlaqo aloqasi yo‘qligini bir necha bor taʼkidlagan. Terrorchilar va ekstremistlar na biror dinni, na biror millatni himoya qiladi va ular o‘z jinoyatlarini oqlash uchun eʼtiqod niqobi ostiga yashirina olmaydi.

Ishonchim komilki, bu kabi pozitsiya tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shilgan eng muhim hissadir. Barcha davlat rahbarlari xuddi shunday masʼuliyatni namoyon etishi, dinlararo muloqotni rivojlantirish, o‘zaro hurmat va xalqlarning tinch-totuv yashashiga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi zarur.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish