Saudiya Arabistoni 100 nafar o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassisini ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda
Iyul 06, 2026. 11:30 • 3 daq
• 6
AR-RIYOZ, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi diplomatlari ushbu davlat Sog‘liqni saqlash vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i hamda “Vigour Locomotion Medical Center” tibbiy reabilitatsiya markazi boshqaruv direktori Vadha bint Saad al-Hajriy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralarni Saudiya Arabistonining xususiy tibbiyot muassasalariga ishga jalb etish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Saudiya tomoni maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatdagi xususiy kasalxona va tibbiyot markazlari uchun qariyb 4,5 ming nafar xorijiy shifokor va hamshiraga ehtiyoj mavjud. Shu munosabat bilan dastlabki bosqichda 100 nafar o‘zbekistonlik shifokor va hamshirani ishga qabul qilish taklifi ilgari surildi.
Taklif etilayotgan mehnat shartlariga muvofiq, ish beruvchi xodimlarning iqomasi (rasmiy yashash va ishlash ruxsatnomasi), turar joyi, ichki transport xarajatlari, tibbiy sug‘urtasi hamda yillik aviachipta xarajatlarini to‘liq qoplab beradi.
Ish haqi yosh shifokorlar uchun 4 500–5 600 saudiya riali (taxminan 1 200–1500 AQSH dollari), tajribali mutaxassislar uchun 5 600–9 300 saudiya riali (1 500–2 500 dollar), hamshiralar uchun esa 3000–3 750 saudiya riali (800–1000 dollar) miqdorida belgilangan.
Ehtiyoj asosan oilaviy shifokorlar, akusher-ginekologlar, fizioterapevtlar, dermatologlar, bolalar psixologlari hamda yuz-jag‘ jarrohlari kabi mutaxassisliklar bo‘yicha mavjud.
Muloqot davomida Saudiya tomoni o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining kasbiy mahorati, mehnatsevarligi va intizomini yuqori baholab, aynan shunday malakali kadrlarni ishga jalb etishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, ingliz tilini yaxshi biladigan hamda kasbiy etika qoidalariga qatʼiy amal qiladigan mutaxassislarga talab yuqori ekani qayd etildi.
Uchrashuvda Ar-Riyoz provinsiyasida zamonaviy ko‘p tarmoqli sog‘lomlashtirish tibbiyot markazi (sanatoriy) qurilishi loyihasi ham taqdim etildi. Saudiya tomoni mazkur loyihada o‘zbekistonlik investorlarni ishtirok etishga taklif qildi.
Loyiha amalga oshirilgan taqdirda, O‘zbekistondan quruvchilar, muhandislar, elektriklar, santexniklar, duradgorlar, haydovchilar hamda boshqa sohalar mutaxassislarini jalb qilish, keyinchalik esa sanatoriy faoliyati uchun ularga yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv davomida Vadha bint Saad al-Hajriy shu yil iyul oyi oxirida Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi hamda “Zomin” sanatoriysi bilan ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur muzokaralar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tibbiyot sohasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbekistonlik malakali tibbiyot kadrlari uchun munosib mehnat imkoniyatlarini kengaytirish hamda investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi