Rimda Italiya Davlat investitsiya agentligi tomonidan O‘zbekistondagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi
Iyul 06, 2026. 09:00 • 2 daq
• 42
RIM, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning “SIMEST” davlat investitsiya agentligi bosh ijrochi direktori Rejina Korradini bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda Italiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiya faolligini rag‘batlantirish, avvalgi biznes-missiyalar yakunlari bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Rejina Korradini ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotganiga eʼtibor qaratib, “O‘zbekiston biz uchun nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Sharqdagi muhim hamkorlarimizdan biridir”, deya taʼkidladi.
Uchrashuvda joriy yil yakuniga qadar Rim shahrida O‘zbekiston va Italiya kompaniyalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazishga kelishildi.
Suhbat chog‘ida mamlakatimiz bozoriga qiziqish bildirgan kompaniyalarning aniq investitsiya rejalarini o‘rganish, ular uchun mahalliy hamkorlarni aniqlash, onlayn “B2B” formatida muloqotlar tashkil etish hamda qo‘shma korxona tashkil etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish yoki vakolatxona ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi Italiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya va moliyalashtirish mexanizmlarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Bunda “SIMEST”ning italiyalik kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash instrumentlari, qo‘shma investitsiya fondlari imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi