O‘zbekiston vakillari bandlik bo‘yicha Myunxenda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi

Iyun 29, 2026. 10:00 • 2 daq

114
O‘zbekiston vakillari bandlik bo‘yicha Myunxenda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi
O‘zbekiston vakillari bandlik bo‘yicha Myunxenda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi
O‘zbekiston vakillari bandlik bo‘yicha Myunxenda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi

MYUNXEN, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Germaniyaning “Global Talent Alliance GmbH” kompaniyasi taklifiga binoan Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan “TALENTpro 2026” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko‘rgazma chet ellik malakali kadrlarni jalb etish va mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ixtisoslashgan nemis ish beruvchilari, kadrlar agentliklari, ta’lim muassasalari, davlat tuzilmalari va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirdi.

Tadbirda 90 dan ortiq eksponent va 100 dan ziyod ma’ruzachi, jumladan, “Siemens Energy”, “DHL Group”, “Evonik”, “Commerzbank”, Yevropa kosmik agentligi (ESA) kabi kompaniya va tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Ko‘rgazma doirasida “Global Talent Alliance” rahbariyati hamda O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor bo‘lgan bir qator nemis kompaniya va tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Germaniya tomoniga O‘zbekistonda uyushgan mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, nomzodlarni tanlab olish, kasbga va tilga o‘qitishning amaldagi mexanizmlari hamda Mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarini sog‘liqni saqlash, logistika, sanoat, mehmonxona-restoran biznesi hamda keksalarni parvarishlash sohalarida ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, nemis ish beruvchilari va Mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik istiqbollari, Germaniya mehnat bozori talablariga muvofiq kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha manfaatdor nemis hamkorlari bilan aloqalarni davom ettirish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazish, ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risida axborot almashish va O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyada uyushgan holda ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvlarini tuzish yuzasidan kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish