Senatorlar Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruzani muhokama qildi

Avgust 10, 2026. 09:30 • 3 daq

21
Senatorlar Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruzani muhokama qildi

TOSHKENT, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Senatning 18-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oliy Majlis yuqori palatasi axborot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, korrupsiyaning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida muayyan natijalarga erishildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida respublika bo‘ylab sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, bank va kadastr sohalarida korrupsiya va byurokratiyaning kelib chiqish sabablari joyida o‘rganildi.

O‘rganishlar natijalari asosida hududlar va vazirliklarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan tuman va shaharlar uchun manzilli “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan 7 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish ko‘lami kengaytirildi, davlat xaridlari sohasida qonunbuzilishlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha taʼsirchan choralar ko‘rildi.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari mustaqil shaklda qayta tashkil etildi.

Shu bilan birga, muhokama davomida sohada saqlanib qolayotgan tizimli muammo va kamchiliklarga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, 2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, davlat manfaatlariga 2,9 trillion so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Eng ko‘p korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab taʼlimi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan, davlat xaridlari sohasida 12,6 trillion so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan, ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.

Senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, davlat xaridlari sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ichki nazorat (komplayens) tizimi faoliyatini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash hamda korrupsiya oqibatida davlatga yetkazilgan zararning qoplanishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar.

Muhokama jarayonida Senat aʼzolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan takliflar bildirildi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish