Milliy kengashning sayyor yig‘ilishida O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasida korrupsiyaning oldini olish masalalari tanqidiy muhokama qilindi
Iyun 28, 2026. 12:00 • 3 daq
• 117TOSHKENT, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 26-iyun kuni Suv xo‘jaligi vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Oliy Majlis yuqori palatasi axborot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, uni Senat raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati hududlar va sohalar kesimida tizimli o‘rganib kelinmoqda. Shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlari, shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarida sayyor muhokamalar o‘tkazilgan.
Bu galgi majlisda esa Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaning oldini olish masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, suv mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy barqarorligi uchun muhim strategik resurs hisoblanadi. Shu bois sohada davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiya xavflarini bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Tadbirda suv xo‘jaligi sohasida korrupsiyaning oldini olish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, raqamlashtirishni jadallashtirish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, 2024–2025-yillarda hamda joriy yilning o‘tgan davrida suv xo‘jaligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ular oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 70 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar undirilib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlangan.
Muhokama jarayonida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalar uchun ajratilgan subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirish ishlarining sustligi hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, o‘rnatilgan “Aqlli suv” qurilmalarining katta qismi bugungi kunga qadar to‘liq samarali ishlamayotgani tanqid qilindi.
Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy eʼtibor alohida huquqbuzarliklarga emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilishi lozimligi taʼkidlandi.
Majlis yakunida Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida 10 kun muddatda sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda Milliy kengashga kiritish vazifasi yuklatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


