Sergey Afonsev: Yangi O‘zbekiston shakllanayotgan dunyo tartibotining talablari bilan yuzaga kelgan ko‘plab vazifalarni muvaffaqiyatli hal qildi
Avgust 27, 2026. 13:00 • 3 daq
• 53
MOSKVA, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori Sergey Afonsev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Sobiq SSSR hududidagi davlatlar mustaqillikka erishgani so‘ng keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu o‘zgarishlarning ayrimlari obyektiv ijobiy xususiyatga ega bo‘lsa, boshqalari jiddiy xavotir uyg‘otmay qo‘ymaydi.
Zamonaviy jahon siyosatining eng achinarli haqiqati shundaki, o‘z strategik ustuvorliklari va xalqlarining intilishlariga tayanib, milliy manfaatlarini himoya qilishga tayyor va qodir davlatlar tobora kamayib bormoqda. Men bu yil mustaqilligining 35 yilligini nishonlayotgan O‘zbekiston shunday qila oladigan va bunga tayyor mamlakatlar qatorida ekanidan chin dildan mamnunman.
Mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston siyosiy va iqtisodiy sohalarda jiddiy sinovlarga duch keldi. Mamlakat xalqi va davlat rahbariyatining oqilona siyosiy tanlovi bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam berdi. Mustaqillikning ilk o‘n yilliklaridagi og‘ir sinovlardan o‘tgan mamlakat yangi kun tartibi, yangi g‘oyalar va yangi kadrlar salohiyati bilan taraqqiyotning navbatdagi bosqichiga chiqishga o‘zida kuch topa oldi.
Yangi, mustaqil O‘zbekiston yangi shakllanayotgan dunyo tartiboti talablari bilan yuzaga kelgan ko‘plab vazifalarni muvaffaqiyatli hal qildi. Qo‘shni mamlakatlar bilan asosiy hududiy muammolar tartibga solindi. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy maqsadlari shakllantirildi. Mustaqil, milliy manfaatlarga yo‘g‘rilgan tashqi siyosat yuritish imkonini beruvchi xalqaro mavqening ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyidan buyon Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YOII) kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘lib, YOIIga to‘laqonli aʼzo mamlakatlar bilan hamkorlik afzalliklarini xolisona baholash imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Mamlakat rahbariyati Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida logistika aloqalarining yangi tizimini shakllantirish salohiyatiga ega bo‘lgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Yalpi ichki mahsulotning real hisobdagi yillik o‘sish surʼati 7 foizdan oshdi.
Bu – O‘zbekiston xalqining milliy manfaatlaridan voz kechishga qaratilgan tashqi bosimlarga qaramay, mamlakat rahbariyatining uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikka intiluvchi ishonchli sheriklar bilan iqtisodiy aloqalarni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan milliy yo‘naltirilgan strategiyasining yaqqol samarasidir.
Gap, avvalo, O‘zbekiston bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlikdan, mamlakatlarimizning o‘zaro bog‘liq iqtisodiy manfaatlarini tushunish va hisobga olishdan doimo manfaatdor bo‘lgan Rossiya bilan hamkorlikni saqlash va rivojlantirish xususida bormoqda.
Oliy taʼlim muassasamiz va o‘zim nomidan O‘zbekiston xalqini davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin dildan tabriklayman. Mamlakatlarimiz vakillari o‘rtasidagi sheriklik, do‘stona va ko‘plab oilalardagi qarindoshlik rishtalari xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlikning mustahkam kafolati bo‘lib xizmat qilsin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi