O‘zbek shoirasi ijodi Italiya matbuotida yoritildi
Avgust 27, 2026. 12:30 • 2 daq
• 291
RIM, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. Italiyaning “Cavalierenews” nashrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoira Xosiyat Rustamova ijodiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Taniqli shoir va noshir Rifat Ismoilli hamda Angela Kosta muallifligidagi “Ko‘z yoshlar sig‘maydi jamadonimga” sarlavhali ushbu maqolada shoiraning sheʼriy turkumlari chuqur tahlil qilinib, ularda inson qalbi iztiroblari va kechinmalari yuksak badiiy mahorat bilan ifodalangani eʼtirof etilgan.
Mualliflar o‘zbek shoirasini bugungi O‘zbekistonning eng nufuzli, taʼsirchan va ko‘p tillarga tarjima qilingan sheʼriy ovozlaridan biri sifatida taʼriflagan.
Maqolada taʼkidlanishicha, italyan nashri ushbu maqola orqali kitobxonlarni zamonaviy jahon adabiyotida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekistonga va uning boy maʼnaviy dunyosiga sayohat qilishga chorlaydi.
“Shoirning ovozi qanchalik o‘z yurti ruhi, tili, xotirasi va maʼnaviy tajribasiga tayansa, dunyo bilan muloqoti shunchalik taʼsirchan kechadi. Xosiyat Rustamova sheʼriyati mana shu jihati bilan ham sarhad bilmaydi”, – deb yozilgan “Cavalierenews” nashrida.
Mazkur eʼtirof o‘zbek zamonaviy sheʼriyatining va milliy adabiyotimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganining navbatdagi yorqin isboti bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi