Shahlo Kozimova: O‘zbek tili Yevroosiyo xalqlari va madaniyatlari o‘rtasida ko‘p asrlik aloqalar merosini o‘zida mujassam etgan
Oktabr 21, 2026. 20:30 • 3 daq
• 114
VARShAVA, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. Varshava universitetining Osiyo va Afrika madaniyatlari fakulteti xodimi, Ozarbayjonshunoslik markazi rahbari Shahlo Kozimova “Dunyo” AAga bergan intervyusida O‘zbekiston xalqini O‘zbek tili bayrami kuni bilan muborakbod etdi.
– O‘zbek tili tarixi turkiy tillarning ko‘p asrlik rivojlanish bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tillarning taraqqiyoti til, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi qizg‘in aloqalar hamda o‘zaro ta’sirlar sharoitida kechgan.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoning eng muhim adabiy tillaridan biri bo‘lgan chig‘atoy tili alohida o‘rin tutadi. Uning merosi zamonaviy o‘zbek tili an’analarining muhim bo‘g‘ini bo‘lib qolmoqda.
Taniqli turkolog Yanosh Ekman ta’kidlaganidek, chig‘atoy tili XV–XVI asrlarda o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga chiqqan. Biroq uning ahamiyati bir mintaqa yoki etnik jamoa doirasida cheklanib qolmaydi. U asrlar davomida Markaziy Osiyo va Xurosonning ziyolilar hamda ilmiy muhitini birlashtirgan mintaqalararo yozma adabiyot tili sifatida xizmat qilgan.
Bu adabiy an’ananing eng buyuk namoyandalaridan biri Alisher Navoiydir (1441–1501). Uning ijodi o‘sha davr adabiy madaniyatida turkiy til mavqeini mustahkamlashda muhim rol o‘ynagan.
Ozarbayjon tarixi va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlarim nuqtai nazaridan, ushbu adabiy an’ananing o‘g‘uz adabiyotiga ko‘rsatgan ta’siri alohida qiziqish uyg‘otadi. XV–XVI asrlar bo‘sag‘asida ijod qilgan ozarbayjon shoiri Kishvariy merosi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Uning devonida Navoiy g‘azallariga bog‘langan beshta taxmis saqlanib qolgan. Mazkur she’riy shaklda avvalgi asar baytlari uchta yangi misra qo‘shish orqali kengaytiriladi va natijada asl bayt bilan birgalikda beshlik band hosil bo‘ladi. Bu taxmislar sharqiy turkiy va ozarbayjon adabiy an’analari o‘rtasidagi bevosita adabiy muloqotning muhim dalilidir.
Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini qamrab olgan O‘zbekiston bo‘ylab safarim davomida ushbu mamlakatning nihoyatda boy va rang-barang til manzarasini bevosita his qilish imkoniga ega bo‘ldim. Ayniqsa, o‘zbek tilining hududiy sheva va lahjalari e’tiborimni tortdi: ularning talaffuzi va ohangi ko‘p jihatdan menga boshqa turkiy tillarni eslatdi.
Tarixiy shaharlar, xususan, Buxoro va Samarqandda tojik tili hanuzgacha faol qo‘llanayotgani ham menda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu tajriba turkiy tillar olami naqadar keng va xilma-xil ekani, ularning eroniy tillar bilan o‘zaro aloqalari va yonma-yon yashash tarixi qanchalik murakkabligini chuqur anglashimga yordam berdi.
Chig‘atoy tilining tarixiy merosi ham, O‘zbekistonning zamonaviy lisoniy rang-barangligi ham turkiy tillar tarixini boshqa til va madaniyatlardan ayri holda o‘rganib bo‘lmasligini eslatib turadi.
O‘zbek tili nafaqat boy adabiy an’analar vorisi, balki Yevroosiyo xalqlari va madaniyatlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalar merosini o‘zida mujassam etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi