Shogo Aoki: Osiyo o‘yinlari Nagoya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamladi

Oktabr 11, 2026. 16:30 • 2 daq

• 84
Shogo Aoki: Osiyo o‘yinlari Nagoya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamladi

NAGOYA, 11-oktyabr./«Dunyo» AA/. O‘zbekiston sport delegatsiyasining Yaponiyadagi XX yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgani munosabati bilan «Noritsuisu Co. Ltd.» kompaniyasi prezidenti va «Aces Japan» MCHJ bosh direktori Shogo Aoki «Dunyo» AA muxbiriga o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Nagoya shahrida Osiyo o‘yinlarining o‘tkazilishi u tomonidan hali 2014-yilda — JCI Nagoya prezidenti lavozimida ishlagan davrida ilgari surilgan g‘oyaning amaldagi ifodasi bo‘ldi. O‘shanda u Aychi prefekturasi gubernatoriga mintaqada xalqaro sport tadbirini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritgan edi. Mazkur tashabbus mintaqaning xalqaro nufuzini mustahkamlash va sport orqali insonlarni birlashtirishga qaratilgan.

Shogo Aoki Nagoya va Toshkent o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari o‘zbekistonlik sportchilarning musobaqadagi yutuqlariga alohida mazmun bag‘ishlaganini ta’kidladi. U O‘zbekistonni 70 ta medal qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egallagani bilan tabrikladi. U Yaponiya va O‘zbekiston yoshlar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi futbol turnirining yarim final bahsiga ham alohida to‘xtalib, bu uchrashuv yapon jamoatchiligining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirganini qayd etdi.

Ishbilarmonlik hamkorligi haqida gapirar ekan, Shogo Aoki «Noritsuisu Co. Ltd.» kompaniyasi O‘zbekistondagi mahalliy «Aces Japan» qo‘shma korxonasi orqali ofis mebellarini ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotganini aytdi. Uning baholashicha, o‘zbekistonlik hamkasblar bilan birgalikdagi ishlar va Osiyo o‘yinlarining o‘tkazilishi ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. U sport tadbiri yaratgan ijobiy impuls ishbilarmonlik, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.

Shogo Aoki yosh tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtaldi. JCI Nagoya ko‘magida Toshkentda O‘zbekiston yoshlar xalqaro palatasi (JCI Uzbekistan) tashkil etilgani xalqaro biznes hamjamiyati bilan aloqalar o‘rnatish uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi. Mazkur-tashkilot 2027-yil noyabr oyida Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon kongressi doirasida JCI global tarmog‘iga rasman qo‘shilishi kutilmoqda.

Yakunda Shogo Aoki Osiyo o‘yinlari tufayli mustahkamlangan do‘stona munosabatlar yosh tadbirkorlar va biznes-liderlar o‘rtasidagi almashinuvlar orqali yanada rivoj topib, Nagoya va Toshkent, shuningdek, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish