Logo

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlar yangicha tashkil etiladi

Sentabr 03, 2026. 17:20 • 7 daq

38
Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlar yangicha tashkil etiladi

TOSHKENT, 3-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda keyingi yillarda kambag‘allikni qisqartirish, aholini daromad manbalari bilan taʼminlash va mahalla darajasida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu maqsadlar uchun hududlarga katta vakolat, moliyaviy resurs va infratuzilmaviy imkoniyatlar berildi, har bir oila bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Natijada yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi bugungi kunga kelib 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafardan 1,5 million nafarga kamaydi. Ishlar to‘g‘ri tashkil etilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanib bormoqda.

Shu bilan birga, hududlar kesimida natijalar bir xil emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalari uchun 314 trillion so‘m resurs ajratildi. Lekin bir xil miqdorda mablag‘ olgan hududlarda kambag‘allikni qisqartirish samaradorligi keskin farq qilayotgani tahlillar orqali ko‘rsatildi.

Masalan, Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resursi berilgan. Sharof Rashidov tumanida mazkur mablag‘lar hisobiga 30 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Qarshi tumanida 13 ming nafar ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan.

Shu bois, kredit ajratishning o‘zi yakuniy natija sifatida qaralmasligi, har bir loyiha qancha doimiy ish o‘rni yaratgani va qancha oilaning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgani bilan baholanishi belgilandi.

Yig‘ilishda joylarda natijaga erishishga to‘sqinlik qilayotgan omillar ham tahlil qilindi. Xususan, hokim yordamchilari va mahalla bankirlarining barchasi ham biznes loyihalarini shakllantirish, moliyaviy instrumentlarni to‘g‘ri tanlash va tadbirkor bilan uning g‘oyasidan tayyor biznesgacha ishlash ko‘nikmasiga ega emasligi qayd etildi.

So‘nggi bir yilda hududlarda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi faoliyatini to‘xtatgan. Bankdan kredit olib, biznesini kutilgan darajada yo‘lga qo‘ya olmagan 62 ming nafar fuqaro kreditlarni qaytarishda qiynalmoqda.

Shu munosabat bilan aholi va tadbirkorlarga faqat moliyaviy resurs taklif etish emas, balki bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini ham qamrab olgan kompleks yechim berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada Xorazm viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar misol qilib keltirildi. Prezident topshirig‘iga muvofiq, iqtisodiy kompleks rahbarlari ikki hafta davomida viloyatdagi 81 ming nafar kambag‘al aholi, yaʼni 19 ming oilaning sharoitini o‘rgandi. Ushbu oilalarda 12 ming nafar ishsiz va 10 ming nafar daromadi past aholi borligi aniqlandi.

Ayni paytda Xorazmdagi tadbirkorlar qurilish sohasiga 4 ming, xizmatlar sohasiga 3 ming va sanoatga 2,5 ming nafar ishchi izlamoqda. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlarini o‘zaro bog‘lash orqali kambag‘al oilalardagi 10-15 ming nafar aholi daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, o‘rganilgan ehtiyojmand oilalarda 48 ming nafar bola borligi, ularni hozirdan kasb-hunar va zamonaviy ko‘nikmalarga yo‘naltirish muhimligi taʼkidlandi. Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktablar, texnikumlar va o‘quv markazlarida bunday oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish vazifasi belgilandi.

Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol farzand parvarishi bilan band. Shu bois, bola parvarishlayotgan ota-onalar uchun uyida yoki mahallaning o‘zida daromadli mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, farzandlarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish orqali ularning mehnat bozoriga qaytishiga sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Xorazm misolidagi tahlillar barcha hududlarga taalluqli ekani taʼkidlanib, kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishi belgilandi.

Endilikda har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida maxsus shtablar tashkil etiladi. Banklar, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleksning boshqa tashkilotlari ushbu shtablar bilan birgalikda aholi bandligi va daromadini oshirish masalalarini joyning o‘zida hal qiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari iqtisodiy kompleks bilan birgalikda haftaning uch kunini bevosita kambag‘allik va bandlik masalalariga bag‘ishlaydi.

Yangi tizimning eng muhim jihati esa moliyaviy resurslar va qaror qabul qilish vakolatlarining katta qismi tuman darajasiga tushirilishi bo‘ladi. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkaziladi.

Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun 450 milliard so‘m resurs mavjud. Tuman shtablari mahalliy sharoit va loyihaning xususiyatidan kelib chiqib, kimga qancha kredit berish, uning muddati va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirish masalalarini hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kredit, lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta, aylanma mablag‘ va boshqa moliyaviy instrumentlar tadbirkorlik loyihasining o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib qo‘llanadi. Dehqonchilik, savdo, xizmatlar va boshqa yo‘nalishlarda daromadning shakllanish muddati turlicha bo‘lgani uchun moliyalashtirish shartlari ham shunga mos bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.

Kooperatsiyaga asoslangan loyihalarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Kredit tarixida kechikish bo‘lgan ehtiyojmand aholining tashabbuslari ham individual baholanadi. Istiqbolli loyihalarni imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.

Kambag‘allik jamg‘armasidagi 240 milliard so‘m, Bandlik jamg‘armasidagi 100 milliard so‘m va uchta “daftar”dagi 760 milliard so‘m mablag‘ tuman shtablari ixtiyoriga beriladi. Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 milliard so‘mlik resursi ham shtablar orqali yo‘naltiriladi.

Shu tariqa tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard so‘m resurs berilib, mablag‘larning aniq natija berishi asosiy mezon etib belgilanadi.

Moliyalashtirish mexanizmlarini iqtisodiyotdagi tez o‘zgarishlarga moslashtirish uchun ham yangi yondashuv joriy etiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Markaziy bank hududlar salohiyati, biznes muhiti va bozor talabidan kelib chiqib, kredit, subsidiya va kompensatsiya mexanizmlarini har chorakda takomillashtirib boradi.

Shu bilan birga, mahalladagi hokim yordamchilari va bankirlarning salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati natijadorlik va tashabbuskorlik mezonlari asosida qayta baholanadi.

Ikki oy muddatda maxsus o‘quv markazi tashkil etilib, unga xorijdan mutaxassislar jalb qilinadi. Hokim yordamchilari va mahalla bankirlari loyiha tayyorlash, biznes modelini hisoblash, moliyalashtirish vositalarini tanlash va tadbirkor bilan ishlashga o‘qitiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan mutaxassislarni Xitoy, Yaponiya va Turkiyada malaka oshirishga yuborish, namunali xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari belgilandi.

Yig‘ilishda tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish tizimi ham ko‘rib chiqildi. Endilikda tumanlar tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarining bevosita buyurtmachisiga aylanadi va zarur mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylarga yo‘naltiriladi. Tuman shtablariga loyihalash, qurilish va sifat nazoratini xususiy sektorga berish huquqi ham beriladi.

Kambag‘allikni qisqartirishda ijtimoiy himoya mexanizmlari ham yangicha yondashuv asosida takomillashtiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Bunda faqat oila daromadi emas, balki surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik, oila aʼzolarining xorijda ishlayotgani va boshqa ijtimoiy omillarni hisobga oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi.

Mamlakat bo‘yicha kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgan bo‘lsa-da, uch yoshgacha farzandi bor oilalarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda. Shu bois, bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallaning o‘zida ishli va daromadli qiladigan tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy reyestrdagi ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi. Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalar uchun esa barqaror daromad manbai yaratadigan ijtimoiy paketlar amaliyoti davom ettiriladi. Joriy yil ushbu maqsadlarga 300 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, bunday ko‘mak olgan 11 ming oilaning qariyb yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi.

Kelgusi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha to‘lovlari, o‘quv markazlarida taʼlim olish xarajatlari, yo‘lkirasi hamda oliy taʼlim muassasasi yotoqxonasi uchun to‘lovlar vaucher asosida qoplab beriladi. Vaucher 12 oy muddatga berilib, oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham belgilangan muddat oxirigacha amal qiladi.

Yig‘ilishda hudud rahbarlari oldiga yil yakuniga qadar 350 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, yana 1 million nafar aholining daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifalari qo‘yildi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizm va harakatlar algoritmini ishlab chiqish, mahalla darajasigacha masʼullarni belgilash vazifasi qo‘yildi. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta amaliy tajriba to‘plagan mamlakatlar, jumladan, Xitoy yondashuvi asosida aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun aniq ko‘rsatmalar tayyorlanadi.

Yangi tizimda asosiy masʼuliyat va resurslar joylarga tushirilib, mahalladagi har bir imkoniyatni ish o‘rni hamda daromad manbaiga aylantirish, har bir ehtiyojmand oila bilan uning sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib ishlash ustuvor vazifa bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilar va hududlar rahbarlarining axboroti tinglanib, belgilangan vazifalarni tizimli va natijador qilib tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish