Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylarini Bilimlar kuni bilan tabrikladi

Sentabr 02, 2026. 09:30 • 3 daq

176
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylarini Bilimlar kuni bilan tabrikladi

(2026-yil 2-sentabr, Toshkent sh.)

Aziz farzandlarim!

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Hurmatli ota-onalar!

Barchangizni Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ bayramiga uyg‘un va hamohang holda o‘tayotgan Bilimlar kuni bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda beg‘ubor nigohlarida hayrat va hayajon uchqunlari porlab, katta orzu-intilishlar bilan maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 800 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarimizga, ota-onalar va pedagoglar jamoatchiligiga o‘zimning ezgu tilaklarimni bildiraman.

Yangi o‘quv yili mamlakatimizning butun taʼlim tizimida, maktab, litsey, texnikum va oliygohlarimiz hayotida yangi maʼrifiy yuksalish yili bo‘lsin!

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Keyingi yillarda taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, taʼlim sifati takomillashib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy taʼlim, IT, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir.

Bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlarimiz timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz. Ularning har birini gurkirab o‘sadigan azim daraxt, yorug‘ istiqbolimiz ustunlari etib tarbiyalash – muqaddas vazifamizdir.

Hech shubhasiz, bunday ulug‘ maqsadlarga yetishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladigan taʼlim-tarbiya sohasini rivojlantirishga biz bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz. Maktab bag‘ridan katta hayotga yo‘llanma oladigan farzandlarimiz puxta bilim bilan birga, albatta kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallab chiqishi uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Buning uchun hududlarda “Kasblar shaharchalari”ni yaratib, zamonaviy tajriba hamda ilg‘or mutaxassislarni jalb etamiz.

Aziz farzandlarim, sizlarga baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yo‘llaringizda paydo bo‘ladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilimdir. Go‘zal yoshlikning har bir daqiqasini qadrlab, yangi ilm, g‘oya va innovatsiyalarni, kasb va hunarlarni, ona tilimiz, boy tariximiz va madaniyatimiz asoslarini puxta egallang. Jahon tarixi va xorijiy tillarni ham astoydil o‘rganing. Izlanish va harakatdan hech qachon to‘xtamang.

Ajdodlarimizdan meros bo‘lgan tabarruk zaminimizni butun qalbingiz, yuragingiz bilan seving, xalqimiz va Vatanimizga cheksiz sadoqat tuyg‘ulari bilan yashang!

Shu yo‘lda mehribon ustozlaringiz, ota-onalaringizni eng yaqin do‘st va maslahatchi deb biling!

Sizlarga yangi o‘quv yilini aʼlo baholar bilan boshlab, har bir o‘quv choragini muvaffaqiyatli yakunlashni, sihat-salomatlik, omad va zafar yor bo‘lishini tilayman.

Bilimlar bayrami barchangizga muborak bo‘lsin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish