Turkiy davlatlar oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Oktabr 29, 2026. 10:30 • 3 daq
• 93QOHIRA, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Khabar Al-Youm” va “See News” nashrlarida Turkiy davlatlar tashkilotida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va hamkorlik loyihalari xususida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolalarda yozilishicha, bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya sharoitida oliy ta’lim mamlakatlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, innovatsion rivojlanishni ta’minlash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning muhim omiliga aylanmoqda.
Turkiy davlatlar o‘rtasida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish strategik ahamiyat kasb etadi. Umumiy tarix, yaqin madaniyat va ma’naviy qadriyatlarga tayangan hamkorlik mintaqada yagona akademik makonni shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ushbu jarayonda universitetlar o‘rtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ustuvor vazifalar hisoblanadi.
Bunday hamkorlik nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki mamlakatlarning ilmiy salohiyatini birlashtirish va umumiy muammolarga samarali yechim topish imkonini ham beradi.
O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan muhim tashabbuslardan biri – Turkiy davlatlar xalqaro universitetining tashkil etilishidir. 2025-yil 24-yanvardagi Prezident qarori asosida Toshkent shahrida tashkil etilgan mazkur universitet turkiy davlatlarning oliy ta’lim, fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Universitet faoliyatida Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. 2025/2026-o‘quv yilida tibbiyot, kompyuter muhandisligi, elektr muhandisligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va oziq-ovqat texnologiyalari bo‘yicha beshta yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash boshlandi.
2026/2027-o‘quv yilida neft va gaz muhandisligi, kimyo muhandisligi, geologiya-qidiruv texnologiyalari, telekommunikatsiya texnologiyalari hamda xalqaro va qiyosiy huquq bo‘yicha yana beshta yo‘nalishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Universitetda zamonaviy ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yil mart oyida tibbiyot talabalari uchun klinik simulyatsiya va amaliy ko‘nikmalar markazining ishga tushirilishi nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Muhandislik va dasturlash sohalaridagi laboratoriyalar, raqamli ta’lim platformasi, axborot-resurs markazi va kovorking maydonlari esa zamonaviy akademik muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasidir. Universitetlarning korxonalar bilan hamkorligini kuchaytirish, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Shuningdek, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar, suv resurslaridan oqilona foydalanish va qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar turkiy davlatlar uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Turkiy davlatlar o‘rtasida yagona akademik makonni shakllantirish ta’lim natijalarini o‘zaro tan olish, qo‘shma diplom dasturlarini kengaytirish, stipendiyalar ajratish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashni ham taqozo etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

