Nemis matbuoti: Germaniya O‘zbekistondan malakali mutaxassislar jalb qilishga katta qiziqish bildirmoqda
Iyul 08, 2026. 14:20 • 2 daq
• 71
BERLIN, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning yetakchi “ntv” onlayn nashrida Meklenburg-Old Pomeraniya federal o‘lkasining O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini jalb etishga qaratilgan tashabbuslari haqida maqolae’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, federal o‘lka Iqtisodiyot vazirligi davlat kotibi Yoxen Shulte boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga safari muvaffaqiyatli yakunlangan. Safarning asosiy maqsadi Meklenburg-Old Pomeraniya korxonalari uchun Markaziy Osiyodan, xususan, O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘lgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, tashrif doirasida federal o‘lka Iqtisodiyot vazirligi va O‘zbekiston Migratsiya agentligi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur hujjat kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tomonlar mutaxassislarni Germaniyaga jo‘natishdan avval ularni chet tillariga o‘qitish, tegishli mehnat faoliyatiga tayyorlash, Germaniya qonunchiligiga muvofiq qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib olgan.
“Korxonalarimiz malakali kadrlarga muhtoj. Shu bois, xalqaro miqyosda faol ish olib borishimiz zarur. Biroq, mehnat migratsiyasi aeroportdan boshlanmasligi kerak. Yoshlar chet elda ularni nima kutayotganini oldindan bilishi, xorijiy tilni o‘zlashtirishi, o‘z yo‘nalishida yetarli kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, Germaniya qonunchiligiga muvofiq adolatli mehnat sharoitlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim”, — deydi davlat kotibi.
Safar davomida delegatsiya O‘zbekistonda davlat idoralari, ta’lim muassasalari, til o‘rganish markazlari, biznes vakillari hamda Germaniya ta’lim muassasalari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Yoxen Shultening ma’lum qilishicha, navbatdagi bosqichda tashkilot va idoralar bilan hamkorlik qilish uchun mas’ul shaxslar belgilanadi, munosib kasb yo‘nalishlari aniqlanadi hamda kasbiy ta’lim va ishga joylashish bo‘yicha amaliy mexanizm ishlab chiqiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi