Qirg‘iziston matbuoti: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy tashabbuskoriga aylanmoqda
Iyul 25, 2026. 16:30 • 2 daq
• 78
BISHKEK, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Alliance press” axborot-tahliliy agentligida O‘zbekistonning mintaqaviy muloqot maydonlarini rivojlantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, 2025-yil noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjonning mintaqaviy muloqotda to‘laqonli ishtirokini taʼminlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mavjud maslahatlashuv formatini strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylantirish tashabbusini ilgari surgani taʼkidlangan.
Nashrda O‘zbekiston tomonidan 2035-yilgacha mo‘ljallangan mintaqaviy savdo dasturini ishlab chiqish, yagona investitsiya makonini shakllantirish hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengash tuzish tashabbuslari ilgari surilgani ham alohida eʼtirof etilgan.
2025-yilda O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 8,3 milliard AQSH dollariga yetgan bo‘lsa, 2017–2025-yillar davomida Ozarbayjon bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,5 barobar oshib, 307,3 million AQSH dollariga yetgan.
Materialda Kaspiy dengizi va Ozarbayjon orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqish uchun muhim muqobil transport yo‘nalishi sifatida baholangan. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga borib mazkur yo‘lak orqali yuk tashish hajmi uch baravarga oshishi, yetkazib berish muddati esa ikki barobar qisqarishi mumkin.
“Alliance press” xulosasiga ko‘ra, mazkur formatning kelgusi samaradorligi transport sohasidagi hamkorlikni sanoat kooperatsiyasi, xususan, yo‘lak bo‘ylab qo‘shma ishlab chiqarish zonalarini tashkil etish tashabbuslari bilan boyitishga bog‘liq bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi