Polsha matbuoti: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim aviatsiya markaziga aylanmoqda

Iyul 25, 2026. 16:00 • 2 daq

95
Polsha matbuoti: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim aviatsiya markaziga aylanmoqda

VARSHAVA, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Dziennik Polityczny” nashrida “O‘zbekiston: aviatsiya infratuzilmasining jadal rivojlanishi mintaqani o‘zgartirmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yangi aeroportlar barpo etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani taʼkidlangan.

Muallifning qayd etishicha, mamlakatning qulay geografik joylashuvi, transport-logistika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yirik infratuzilma loyihalari O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda muhim aviatsiya va tranzit markaziga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Shuningdek, nashrda Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi mamlakat aviatsiya sohasidagi eng muhim strategik loyihalardan biri sifatida baholangan. Mazkur majmua ishga tushgach, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati sezilarli darajada oshib, xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish hamda yuk tashish hajmini ko‘paytirish imkoniyati yaratilishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, maqolada respublikada mavjud aeroportlarni rekonstruksiya qilish, yangi logistika infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng qo‘llash orqali aviatsiya tarmog‘ini yana-da modernizatsiya qilish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotganiga eʼtibor qaratilgan.

Polsha nashri xulosasiga ko‘ra, aviatsiya infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar nafaqat transport tizimi samaradorligini oshirish, balki turizm, tashqi savdo va mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish