Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi belgilangan jadval asosida olib borilmoqda

Iyul 16, 2026. 11:00 • 2 daq

134
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi belgilangan jadval asosida olib borilmoqda

TOSHKENT, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoy davlat temir yo‘llari korporatsiyasi boshqaruvi aʼzosi, rais o‘rinbosari Van Szinsi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Transport vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, muzokaralar davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi transport sohasidagi hamkorlik, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi loyihasi muhokama qilindi.

Tomonlar qurilish ishlari belgilangan jadvalga muvofiq olib borilayotganini qayd etib, loyiha mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, xalqaro yuk tashish hajmini oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.

Shuningdek, Xitoydan Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali o‘tadigan mavjud multimodal yo‘lakning jozibadorligini oshirish, logistikani takomillashtirish hamda Qashg‘ar chegara stansiyasiga eksport maqomini berish imkoniyatini ko‘rib chiqish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qurilish ishlarining borishini muntazam kuzatib borishga, amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish va transport sohasidagi barcha yo‘nalishlarda yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish