Venetsiya biyennalesi Yevropa Ittifoqining moliyalashtirishni bekor qilish qaroriga eʼtiroz bildirmoqda
Iyul 23, 2026. 11:00 • 2 daq
• 108
VENETSIYA, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Venetsiya biyennalesi Rossiya pavilyoni 2026-yilgi ko‘rgazma dasturiga qaytarilganidan so‘ng Yevropa Ittifoqining 2 million yevro miqdoridagi grantni qaytarib olish haqidagi qarori ustidan shikoyat qimoqchi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.
Tashkilotchilar Yevropaning Taʼlim va madaniyat bo‘yicha ijroiya agentligi (EACEA) qarori oldindan kutilganini taʼkidlab, “o‘z huquqlarini barcha vakolatli instansiyalarda himoya qilishlarini” maʼlum qildi.
Dunyodagi eng yirik madaniy maydonlardan biri atrofidagi nizo mart oyida tashkilotchilar Rossiyaning 2022-yildan beri ilk bor biyennalega qaytishini eʼlon qilganidan so‘ng boshlandi. Shundan so‘ng Yevropa Komissiyasi, agar Rossiya pavilyoni qayta ochilsa, 2 million yevro miqdoridagi moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘yishi yoki bekor qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Yevropa Komissiyasining rasmiy vakili Tom Renyening so‘zlariga ko‘ra, yevropalik soliq to‘lovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan tadbirlar “demokratik qadriyatlarni himoya qilishi hamda muloqot, xilma-xillik va so‘z erkinligini ilgari surishi kerak”. Bryussel fikricha, bu tamoyillarga zamonaviy Rossiyada rioya qilinmayapti.
O‘z navbatida, biyennale rahbariyati ushbu grant kinematografiya bo‘limi loyihalari uchun mo‘ljallanganini va “Rossiyaning ishtirokiga hech qanday aloqasi yo‘qligini” bildirdi. Tashkilotchilar, shuningdek, moliyalashtirishning yo‘qotilishi byudjetga va rejalashtirilgan tadbirlarni o‘tkazishga sezilarli taʼsir ko‘rsatmasligini qayd etdilar.
Biyennale Jamg‘armasi prezidenti Pyetrandjelo Buttafuoko avvalroq festival senzurasiz, “ Butun dunyo uchun hamjihatlik maydoni” bo‘lib qolishi kerakligini taʼkidlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi Venetsiya biyennalesida O‘zbekiston ham boshqa ishtirokchi mamlakatlar qatorida alohida ko‘rgazma loyihasiga ega milliy pavilyoni bilan ishtirok etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi