Pokiston OAV: 2025-yilda TDT mintaqasidan O‘zbekistonga kelgan sayyohlarning umumiy soni 6,15 million kishidan oshdi
Oktabr 19, 2026. 21:00 • 3 daq
• 99
ISLOMOBOD, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonning turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liq turizm yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarini keng yoritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Daily Financial Time”, “The Daily Morning News”, “The Daily News Lark”, “The Azb”, “Imroze Pakistan” nashrlarida “Turkiy dunyo – Yevroosiyodagi eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri” sarlavhali maqolalar e’lon qilindi.
Maqolalarda so‘nggi yillarda turizm O‘zbekistonda strategik rivojlanish yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlangan. Turizm nafaqat iqtisodiyot, balki xalqaro aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuv va xalq diplomatiyasini rivojlantirishda ham muhim o‘rin tutmoqda. Ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo bo‘lgan qardosh mamlakatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish biz uchun alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston 2019-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shilganidan buyon turizm sohasidagi hamkorlikda barqaror ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Sohaga mas’ul idoralar o‘rtasida muntazam muloqot olib borish uchun platforma shakllantirildi, yagona turistik makonni vujudga keltirishga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Eng muhim qadamlardan biri TDT Turizm kengashining tashkil etilishi bo‘ldi.
Nashrlarda amaliy hamkorlikning yorqin namunasi sifatida “Buyuk ipak yo‘li” yagona turistik marshruti e’tirof etilgan. Ushbu yo‘nalish turkiy sivilizatsiyaning eng muhim madaniy va tarixiy markazlarini – Samarqand, Buxoro va Xivadan tortib, Boku, Olmaota, Bishkek va Anqaragacha bo‘lgan shaharlarni birlashtiradi. Mazkur marshrut bo‘ylab sayohat qiluvchi sayyohlar mamlakatlarning boy merosi, me’moriy yodgorliklari, an’analari va milliy taomlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va TDTning boshqa mamlakatlari universitetlari bilan talabalar almashinuvi, amaliyotlar, seminarlar va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish masalalarida faol hamkorlik qilmoqda. Bunday hamkorlik nafaqat kasbiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki xalqlar o‘rtasidagi madaniy o‘zaro anglashuvni ham rivojlantiradi.
Viza rejimini yengillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekiston va TDT mamlakatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvlar natijasida vizasiz safarlar yo‘lga qo‘yildi.
“Bularning barchasi, eng avvalo, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimining muntazam ortishiga xizmat qilmoqda. Xususan, 2025-yil davomida TDT mintaqasidan O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlarning umumiy soni 6,15 million kishidan oshdi”, – deb xabar qilingan nashrlarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi