Yaponiyadan munosabat: O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro hamkorlikning yangi qirralarini ochmoqda
Oktabr 19, 2026. 20:30 • 2 daq
• 47
NAGOYA, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Nagoya shahridagi faxriy konsuli Xiroyuki Ito O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi va OHICHK sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Tinchlik va ishonch – barqaror taraqqiyotga erishish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xalqlar farovonligini oshirishning eng muhim shartlaridir.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi izchil siyosati savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki ularning xalqaro hamkorlari, jumladan, Yaponiya uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi allaqachon mustahkam poydevorga ega. 2004-yilda boshlangan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti 2025 yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan birinchi yetakchilar sammitida yangi sur’at oldi. Bugungi kunda bu hamkorlik investitsiyalar, sanoat, infratuzilma, energetika va malakali mutaxassislar tayyorlash kabi sohalarni qamrab olgan holda tobora amaliy tus olmoqda.
Shu bois O‘zbekiston Prezidenti tomonidan sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish va iqlim barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yaponiya katta texnologik va sanoat salohiyatiga ega bo‘lib, bu imkoniyatlar shunday loyihalarni amalga oshirishda juda qo‘l kelishi mumkin. Aminmanki, ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish har ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning Nagoyadagi faxriy konsuli sifatida mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik vakillari o‘rtasidagi bevosita aloqalarning ahamiyatini alohida ta’kidlamoqchiman. Aynan shunday muloqotlar siyosiy kelishuvlarni amaliy iqtisodiy loyihalarga aylantirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va uzoq muddatli sheriklikning mustahkam poydevorini shakllantirish imkonini beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan OHICHK sammitida ilgari surilgan tashabbuslar Osiyodagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi hamda O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini chuqurlashtirish va Markaziy hamda Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun qo‘shimcha istiqbollarni ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi